200MP kamerali smartfonlar davri yaqinlashmoqda

200MP kamerali smartfonlar davri yaqinlashmoqda

Xitoydagi Motorola kompaniyasi 200MP kamera sensoriga ega dunyodagi eng birinchi smartfonni qachon taqdim qilishini rasman tasdiqladi. Garchi aniq sana ko'rsatilmagan bo'lsa-da, Weibo ijtimoiy tarmog'iga joylangan rasmiy tizer posterga "200 million pikselli tasvir davri" iyul oyida boshlanishi yozilgan.

Katta ehtimol bilan rekord darajadagi kamera sensoriga ega yangi Motorola flagmani - bu anchadan beri mish-mish qilinayotgan Frontier bo'lishi mumkin. Ma'lumotlarga ko'ra, Motorola Frontier telefoni Samsung tomonidan ishlab chiqariladigan 200MP ISOCELL HP1 sensori bilan ta'minlanadi. Sensor piksellarni birlashtirish va sun'iy intellektga asoslangan qayta mozaykalash algoritmi bilan 12.5MP yoki 50MP kadrlarni ishlab chiqara oladi. Shuningdek, u 30fps'da 8K video yozib olishni ham qo'llab-quvvatlaydi.

Ta'kidlash joizki, Motorola bir necha kun oldin taqdim qilingan Snapdragon 8+ Gen 1 chipseti bilan ham smartfon ishlab chiqarishini ma'lum qilgan edi va u 200MP sensor bilan chiqariladigan bir xil smartfon bo'lishi mumkin.

Motorola Frontier chetlari biroz qayrilgan 6.67 dyuymli va 144Hz yangilanish tezligiga ega pOLED displey bilan 60MP selfi kameraga ega bo'lishi tahmin qilinmoqda. Kapot ostida esa 8/12GB operativ va 128/256GB doimiy xotira bilan 125W tezlikda quvvatlanadigan 4,500 mAh batareya sig'imiga ega bo'lishi mumkin.

O'QING: Xiaomi Leica bilan hamkorlik qiladi