4G va Wi-Fi’li «g‘isht» telefon – Nokia 3310 4G taqdim etildi!

  •   DiMaX
  •  2424
  •  30.01.2018 15:31

4G va Wi-Fi’li «g‘isht» telefon – Nokia 3310 4G taqdim etildi!

Yuksak texnologiyalarga ega smartfonlar ustida ishlash bilan birga, HMD Global kompaniyasi Nokia brendiga mansub klassik telefonlarning zamonaviy talqinlarini chiqarishda ham davom etmoqda. Jumladan, MWC 2017 tadbirida «o‘lmas» Nokia 3310 qurilmasining yangi talqinini taqdim etgan kompaniya keyinchalik uni 3G-versiyada ham ishlab chiqara boshlagan.

O‘QING: Yangi talqindagi Nokia 3310 taqdim qilindi

Bugun – 2018 yil 30 yanvarda esa Xitoyda bu telefonning eng yangi talqini – Nokia 3310 4G taqdim etildi. Yangi gadjetning tashqi ko‘rinishi 2017 yili «qayta tirilgan» Nokia 3310 modelini deyarli aynan takrorlaydi. Telefonning o‘lchamlari 117×52,4×13,35 millimetrni, vazni esa 88 grammni tashkil etadi. Korpus ranglari – moviy (Fresh Blue) hamda qora (Dark Black).

Nokia 3310 4G modelining ekrani diagonaliga 2,4 dyuymga teng o‘lchamda, displeyning tasvir aniqligi 320×240 pikselga teng. Uni ichki xotirasi hajmiga ko‘ra ikki xil – 256 va 512 megabaytli variantlarda ishlab chiqarishadi. Shuningdek, telefonga microSD formatidagi xotira kartasi va bitta SIM-karta qo‘yiladi.

O‘QING: Putin jamoasi uchun maxsus shohona iPhone X va Nokia 3310 yaratishdi

Yangi taqdim etilgan apparat 4G VoLTE, Wi-Fi 802.11 b/g/n hamda Bluetooth 4.0 modullariga ega. Shuningdek, «zamonaviy klassika» telefoni an’anaviy 3,5 millimetrlik audiotirqish va microUSB porti bilan ta’minlangan. Korpusning orqa panelida 2 megapikselli hamda chaqnoqli kamera o‘rin olgan.

Xitoyda bu telefon Android’ning «taroshlangan» talqini – YunOS operatsion tizimida ishlaydi. Uning anonimligi uchun 1200 mA/soat sig‘imli batareya mas’ul. Ishlab chiqaruvchining ta’kidlashicha, bu quvvat 4G rejimida 5 soatgacha so‘zlashishga yoki kutish rejimida 12 kun mobaynida o‘chib qolmasligiga yetadi.

O‘QING: «Taroshlangan» Android’li Nokia 3310 (2018) modeli 4G’da ishlaydi

HMD Global kompaniyasi Nokia 3310 4G modelining umumjahon taqdimotini 26 fevralda boshlanadigan Mobile World Congress ko‘rgazmasida taqdim etishni rejalashtirgan. Telefonning narxi ham o‘shanda ma’lum bo‘ladi. Ammo Xitoy bozoriga bu telefon fevraldayoq chiqarilishi aytilmoqda.

Agarda zamonaviy imkoniyatlarga ega klassik ko‘rinishdagi telefonni xarid qilishga shoshilsangiz, «Osmon osti saltanati»da savdoga chiqarilganidan so‘ng unga onlayn bozorlarda buyurtma berishingiz mumkin bo‘ladi.

O‘QING: AliExpress’dagi tovarlarga «Terabayt.uz» orqali buyurtma bering!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!