700 dollarlik iPhone 8'ning ham tannarxi hisoblandi

700 dollarlik iPhone 8'ning ham tannarxi hisoblandi

Bir muddat avval ekspertlar iPhone X flagmanning tannarxini aytishgan edi.

IHS Markit marketing-tahlil kompaniyasi 12 sentyabrda Apple taqdim qilgan iPhone 8 hamda iPhone 8 Plus flagmanlarini tayyorlash uchun qancha mablag‘ sarf qilinganini hisob-kitob qilib ko‘rdi.

Ekspertlarning qayd etishlaricha, 64 gigabaytli xotiraga ega 4.7 dyuymli iPhone 8'ning har biri uchun kupertinolik ishlab chiqaruvchi butlovchi qism yetkazib beruvchi va ularni yig‘adigan kompaniyalarga jami 247,51 dollar miqdorida pul to‘lab beradi. Ya’ni, bu 2016 yilda taqdim qilingan iPhone 7'dan 10 dollarga qimmat.

5,5 dyuymli iPhone 8 Plus modeli esa bir oz qimmatga tushgan. Bu smartfon uchun Apple 288,08 dollar sarf qiladi. Taqqoslab ko‘radigan bo‘lsak, 2016 yilning "Plus-versiya"si uchun kompaniya 270,88 dollar mablag‘ sarflagan.

Butlovchi qism va ularni yig‘ish xarajatlari oshgani bois, smartfonlarning bozorga chiqarilish narxlarida ham bu yil o‘zgarish kuzatiladi. Jumladan, iPhone 8 va iPhone 8 Plus bozorga oldingi yilgi iPhone 7 va iPhone 7 Plus'dan 50 AQSh dollariga qimmatroqqa chiqarilgan. Eslatib o‘tamiz, Apple iPhone 8 uchun kompaniya $699 dollar, iPhone 8 Plus uchun esa $799 dollar so‘ramoqda.

IHS Markit eksperti Ueyn Lemning so‘zlariga ko‘ra, iPhone 8 va iPhone 8 Plus tannarxi ilg‘or kamera, kuchli protsessor va xotira qismidagi butlovchi qismlarning qimmatlashuvi evaziga ko‘tarilgan. Bu galgi smartfonlarda eng kichik doimiy xotira sig‘imi 32 gigabaytdan 64 gigabaytga ko‘tarilgani bois, Apple xotira uchun 6 dollar ko‘proq xarajat qildi. Yangi A11 Bionic protsessori esa "ajdodi"dan 5 dollarga qimmatroqqa tushdi.

Shuningdek, tahlilchilarning fikricha, iPhone tannarxining o‘zi bilan ish bitmaydi. Apple bundan tashqari tadqiqot va ilmiy izlanishlarga, dizayn, marketing, ruxsatnoma va sertifikatlar uchun, patent uchun katta pul sarflaydi.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!