Andijondagi innovatsion loyihaga Jahon banki 140 ming dollar ajratdi

  •   DiMaX
  •  534
  •  13.04.2019 10:18

Andijondagi innovatsion loyihaga Jahon banki 140 ming dollar ajratdi

Andijon davlat universitetida qiymati 140 ming AQSh dollariga teng innovatsion loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar bermoqda.

O‘QING: IUT talabalari Andijonda «Xavfsiz shahar» loyihasini amalga oshirishda ishtirok etdilar

Prezidentimizning 2017 yil 22 martdagi «Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «oliy ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida Akademik innovatsiyalar fondi tashkil etilib, mazkur fond tomonidan innovatsion loyihalar tanlovi e’lon qilingan edi.

– Tanlovga Andijon davlat universiteti olimlari va talabalari tomonidan «Qayta tiklanadigan energiya manbalari fizikasi va atrof-muhit barqarorligi bo‘yicha magistrlik dasturini takomillashtirish orqali talabalarning ijodiy va innovatsion faoliyatini rag‘batlantirish» loyihasi taqdim etilgan edi, – deydi Andijon davlat universiteti professori Raimjon Aliyev. – Ushbu loyiha ma’qullangani, uni amalga oshirish uchun Jahon banki mablag‘lari hisobidan 140 ming AQSh dollari ajratilgani talabalarimizning ijodiy-innovatsion qiziqishi, qolaversa, mazkur yo‘nalishdagi ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini yanada oshiradi.

Loyiha mamlakatimizda qayta tiklanadigan energiya yaratish bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga yordam beradi. Jumladan, loyiha doirasida universitetning mazkur yo‘nalishdagi ilmiy laboratoriyasi qayta jihozlandi, professor-o‘qituvchilari Yevropa universitetlarida malaka oshiradi, sohaning xorijlik yetakchi olimlari Andijonga kelib ma’ruzalar o‘qiydi, talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini kuzatadi, eng asosiysi, kadrlar tayyorlashda «Ta’lim – fan – ishlab chiqarish» integratsiyasi kuchayadi.

Loyihaning asosiy yo‘nalishlari – «Oliy ta’lim muassasalari va sanoat aloqasini kuchaytirish» hamda «O‘qitish amaliyotini takomillashtirish» bo‘yicha universitet tomonidan ishlab chiqilgan konsorsiumga yurtimizdagi nufuzli ilmiy-tadqiqot institutlari, ishlab chiqarish korxonalari, Berlin texnika (Germaniya), Sofiya (Bolgariya) kimyo-texnologiya va metallurgiya universitetlari kiritilgan.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan innovatsion yangilanishlar jarayonida Andijon davlat universiteti tomonidan amalga oshiriladigan ushbu investitsion loyiha ta’lim sifati, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga xizmat qiladi.

O‘QING: Maktab yoki universitetda uyali telefon ishlatganlarga qanday jazo beriladi?

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!