Android Q ilk beta-versiyada taqdim etildi: video va suratlarda yangi imkoniyatlar bilan batafsil tanishamiz!

  •   DiMaX
  •  1327
  •  14.03.2019 16:56

Android Q ilk beta-versiyada taqdim etildi: video va suratlarda yangi imkoniyatlar bilan batafsil tanishamiz!

Google kompaniyasi 14 martga o‘tar tunda Android 10 talqinidagi operatsion tizimining birinchi rasmiy beta-versiyasini taqdim etdi. Undan hozircha faqat mazkur ishlab chiqaruvchining Pixel smartfonlari foydalana olishadi.

O‘QING: Qaysi smartfonlar egalari Android Q’ni birinchilar qatorida sinab ko‘rishadi?

Mazkur dasturiy ta’minotning ayrim o‘ziga xosliklarini avval ham bir necha xabarlarda e’lon qilganmiz. Endi esa, uni rasman o‘rnatib olgan Google Pixel smartfonlari egalari Android Q’ning yana boshqa imkoniyatlarini ham kashf etishdi.

Android Q Developer Preview Beta 1 talqinida ilovalarning turli ruxsatlarini boshqarish osonlashgan. Masalan, taksi buyurtma berish servisiga GPS’dan foydalanishi uchun faqat uning ilovasini ishlatayotgan paytdagina ruxsat berasiz. Bu esa nafaqat shaxsiy xavfsizlikni ta’minlashga, balki smartfon akkumulyatorini tejashga ham yordam beradi.

Tizimda «Ulashish» – «Podelitsya» funksiyasini ham ancha takomillashtirishgan. Mazkur oyna interfeysini juda soddalashtirishgan va u yanada tezroq ochiladigan bo‘lgan:

Shuningdek, «toza» Android Q versiyasida endi bildirishnomalar panelidagi belgichalar – ikonkalarning rangini o‘zgartirish va tizim uchun standart shrift tanlash mumkin. Avval bu kabi imkoniyatlar faqat ayrim smartfonsozlar ishlab chiqqan grafik qobiqlardagina bo‘lardi.

Sozlamalar ham o‘zgargan – «Maxfiylik» («Privatnost») bandi alohida qo‘shilgan. Unda ilovalarga taqdim etilgan ruxsatlarni ko‘rish, joylashuvlar tarixini va shu kabilarni kuzatish mumkin.

Shuningdek, Android 10 ilk beta-versiyasida desktop rejimini ham topishgan, bu degani – xuddi Samsung va Huawei flagmanlarida bo‘lgani kabi, smartfonga monitor ulab, uni kompyuter sifatida ishlatish mumkin bo‘ladi.

Android Q operatsion tizimining birinchi beta-talqinidagi qiziq funksiyalardan biri – Screen Recording, ya’ni ekrandan video yozib olish imkoniyatidir.

Mana, quyidagi videolavhaning 7:30-daqiqasida Screen Recording funksiyasining ishlatilishi ko‘rsatilgan:

Demak, Android Q Developer Preview Beta 1 versiyasini hozircha faqat Google Pixel smartfonlaridagina sinab ko‘rish mumkin. Uni boshqa gadjetlarga tarqatish va takomillashtirish rejasi esa quyidagi «yo‘l xaritasi»da aks ettirilgan:

Demak, Android Q operatsion tizimining to‘laqonli namoyishi Google I/O 2019 konferensiyasida bo‘lib o‘tadi va uning yakuniy jamlanmasini uchinchi chorakda barcha foydalanuvchilar uchun taqdim etishadi.

O‘QING: Android Q bizni oddiy imkoniyatdan mahrum etadi va unga ko‘nikishga majburmiz (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!