Apple 20 yil avval raqiblari ustidan qanday kulgandi? (3 ta video)

  •   DiMaX
  •  2422
  •  30.11.2017 15:00

Apple 20 yil avval raqiblari ustidan qanday kulgandi? (3 ta video)

Texnologik kompaniyalar raqobatning turli yo‘llaridan foydalanishadi, ba’zida hatto bir-birining mahsulotlari, shuningdek foydalanuvchilarining ustidan kuluvchi reklamalar tayyorlashadi. Smartfonsozlikda esa Android-qurilmalar ishlab chiqaruvchilarning barchasi uchun asosiy umumiy raqib – Apple hisoblanadi. Shu bois ham ko‘p hollarda ular ko‘pincha kupertinolik gigant va uning iPhone’lari ustidan kulib kelishadi.

O‘QING: OnePlus Apple ustidan kuldi

Joriy yilning 16 oktyabrida bo‘lib o‘tgan Mate 10 taqdimoti arafasida Huawei kompaniyasi o‘zining Facebook-sahifasida antiqa videorolik chiqargan edi. Unda Apple’ning yangi iPhone X flagmani taqdimotida Face ID funksiyasi ayni namoyish jarayonida pand berib qo‘ygani masxara qilingan.

O‘QING: Apple’ning ustidan kulib, Huawei «haqiqiy sun’iy idrok»ni ko‘rsatishga va’da berdi (+video)

Shuningdek, yaqinda Samsung ham raqibining yangi iPhone X qurilmasi hamda uning foydalanuvchilarini mayna qiluvchi navbatdagi videolavhasini tayyorlab tarqatdi. Uning roligida ayfonlarga sodiq oddiy inson turli cheklovlarga duch kelishi va nihoyat Galaxy’ga o‘tishi tasvirlangan.

O‘QING: Samsung ham iPhone foydalanuvchilarini masxara qildi

Apple esa, odatda bunday qitmirona «hujum»larga parvo qilmaydi. Kupertinolik gigant biror ishlab chiqaruvchining emas, balki Android mobil operatsion tizimining ustidan kulgani haqida yozganmiz.

O‘QING: iPhone reklamasida Apple Android tizimini masxaraladi [қисқа видео]

Biroq kupertinolik gigant raqobatchilariga nisbatan hamisha ham bunaqa bepisandlik bilan qaragan emas. Ko‘pchilikning xabari yo‘qdir balki, ammo Apple ham bir zamonlar raqobatning shunaqa usullaridan foydalangan va raqiblarining ustidan oshkora kulgan.

Apple sobiq xodimi Deyv Garr o‘zining YouTube-kanalida kupertinolik texnogigant o‘z raqobatchilarining «qitiq patiga teguvchi» parodiya tarzidagi videoroliklarni e’lon qildi. Mazkur uchta lavha ham o‘tgan asrning 90-yillarida, hali Stiv Jobs qaytib kelib Apple Computer bosh direktori kursisiga o‘tirmasidan avvalroq suratga olingan.

Har bir parodiya o‘sha davrdagi mashhur bo‘lgan, hozirda tarixga aylanib ulgurgan biror voqeaga ishora qiladi. Jumladan, birinchi videolavha Apple hamkorlariga o‘z kompyuterlarining klonlarini ishlab chiqarishga ruxsat bergan davrlarni eslatadi. Mana, o‘zingiz tomosha qiling:

Ikkinchi rolikda esa kupertinolik gigantning operatsion tizim bo‘yicha asosiy raqiblaridan biri ishlab chiqqan Windows 95 interfeysining chalkashligi masxara qilingan:

Litsenziyalashtirish masalalari bo‘yicha mojarolarga qiziquvchilarga esa Apple’ning quyidagi videolavhasini ko‘rish tavsiya etiladi:

Aytish kerakki, hozirda kupertinolik gigant o‘ziga qaratilgan masxaraomuz videolavhalarga javob berishni o‘ziga ep ko‘rmaydi, istehzo bilan qarab qo‘yib, o‘z yo‘lida davom etaveradi. Zero, ko‘pgina innovatsiyalari sababli uni tanqid qilganlarning o‘zlari tarix qatlarida qolib ketishgan, Apple esa yorug‘ kelajak sari intilishda va barchani ilhomlantirishda davom etaveradi.

O‘QING: Ilk iPhone'ni raqiblar qanday mayna qilgani va yo‘qlikka ravona bo‘lishgani haqida

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!