Apple’da kimning qasdi bor – YouTube’ningmi yoki Google’ning?

  •   DiMaX
  •  1354
  •  10.08.2018 17:46

Apple’da kimning qasdi bor – YouTube’ningmi yoki Google’ning?

Samsung kompaniyasining Galaxy Note 9 fableti taqdimotida mazkur qurilmaning «YouTube Signature Device» tavsifiga ham ega ekanligi ta’kidlandi. Ya’ni, namoyish etilayotgan ushbu devays videoroliklar servisi tavsiya qilgan qurilmalar ro‘yxatiga kirgan.

O‘QING: Galaxy Note 9 taqdim qilindi: Samsung'ning eng kuchli va qimmat smartfoni

Gap shundaki, YouTube jamoasi mazkur videoxostingdagi lavhalardan to‘laqonli zavq olgan holda tomosha qilish uchun mos keluvchi gadjetlar ro‘yxatini tuzgan. Unga panoramali suratlar bilan ishlay oluvchi, videolar namoyishida kadrlarning yuqori tezlikda almashinishini qo‘llab-quvvatlovchi, 4K-videolarni namoyish eta oluvchi va so‘nggi avlod kodeklar bilan mos keluvchi qurilmalargina kiritilgan.

Google’ning ta’kidlashicha, servisning maxsus muhandislar jamoasi mobil qurilmalarni ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlik qilib, videolar namoyishi imkoniyatlarini yaxshilash ustida ishlashadi.

Ayni damda YouTube Signature Devices ro‘yxatida Samsung Galaxy Note 9 planshetofonidan tashqari, Samsung Galaxy S8, Galaxy S8+, Galaxy S9, Galaxy Note 8, HTC U12+, Google Pixel 2, Pixel 2 XL, Sony Xperia XZ2 Premium, Xperia XZ2 Compact, Xperia XZ2, LG G7 ThinQ, V30, Xiaomi Mi 8, Mi Mix 2S, Nokia 8 Sirocco, OnePlus 6 hamda Huawei Mate 10 Pro singari mashhur flagmanlar ham kiritilgan. Ammo, buni qarangki, YouTube tavsiya etgan gadjetlar orasida nafaqat kupertinoliklarning yubiley superflagmani, balki umuman birorta ham iPhone yo‘q!

O‘QING: Jahonning eng kuchli smartfonlari, ularning narxi (2018 yil, avgust)

YouTube Signature Devices ro‘yxatiga birorta ham Apple smartfoni kiritilmaganining rasmiy sababi – iPhone’lar Google tomonidan ishlab chiqilgan VP9 videokodekini qo‘llab-quvvatlamaydi; natijada Safari foydalanuvchilari videoroliklarni 4K formatida tomosha qila olmaydilar.

Ammo kuzatuvchilar boshqa variantni ham ilgari surishayotir: YouTube servisi Google korporatsiyasiga qarashli; u esa Apple iOS raqobatchisi bo‘lmish Android operatsion tizimini yaratib va qo‘llab-quvvatlab keladi. Shu sababli ham qidiruv giganti o‘zining bu boradagi raqibi – kupertinolik korporatsiyaning smartfonlarini YouTube Signature Devices ro‘yxatiga kiritmagan.

To‘g‘ri, YouTube sertifikatsiyasi xaridorlarning smartfon tanlashdagi qaroriga jiddiy ta’sir etishi qiyin. Ammo YouTube Signature Devices markirovkasining o‘ziyoq yaqin orada tanlangan qurilmalarning marketing materiallarida aks etishi shubhasiz.

O‘QING: "Malika"dan iPhone X o‘rniga olish mumkin bo‘lgan 5 ta arzon smartfon

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!