Apple «Matritsa» va «Robokop» ishlangan kinostudiyani ijaraga olmoqchi

  •   DiMaX
  •  990
  •  04.09.2017 11:06

Apple «Matritsa» va «Robokop» ishlangan kinostudiyani ijaraga olmoqchi

Kupertinolik gigant videokontent ishlab chiqarishga katta mablag‘ sarflamoqchi, deb yozadi Engadget.

Nima gap o‘zi?

Netflix hamda Amazon kompaniyalarining sohadagi yutuqlaridan ilhomlanib, Apple ham videokontent ishlab chiqarishga jiddiy qiziqib qoldi. Bu niyatini amalga oshirish uchun u Hollivuddagi birinchi studiyalardan bo‘lmish The Culver Studios’ni tanladi.

Ayni shu studiyada ko‘plab kinoklassika asarlari, jumladan, «Matritsa», «Shamollarda qolgan hislarim», «Fuqaro Keyn», «Robokop» va «Billni o‘ldirish» kabilar suratga olingan. The Culver Studios’ga Hollivuddagi 13 ta pavilon tegishli, ularda katta kinoasarlarni, shuningdek, teleshoularni suratga olish imkoni mavjud.

Videokontent «Olma»ga nega kerak?

Google, Facebook, Amazon va Apple kabi IT-gigantlar yangi televizion inqilobni olib kirayotgani haqida G‘arb matbuoti ikki yildan beri jar solib kelayotir. Masalan, YouTube allaqachon teleseriallarga prodyuserlik qila boshlagan. Amazon esa o‘tgan yili «Dengiz bo‘yidagi Manchester» dramasi uchun ikkita «Oskar» ham oldi. Netflix bo‘lsa, keyingi yilda videokontent ishlab chiqarishga 7 milliard AQSh dollari sarflamoqchi.

Xullasi kalom, agarda Apple ham ularning «changida qolib ketmaslik» uchun, endi shu yo‘nalishga jiddiy e’tibor qaratishni rejalashtirgan.

Apple’ning nimasi bor?

Aytish kerakki, kupertinolik gigant bu sohada shu paytgacha biror aytarli yutuqqa erishgan emas. Apple TV pristavkasi hamda realiti-shou omadsizlikka uchragach, kompaniya Sony Pictures Television’dan ikki nafar top-menejer yollagan va o‘z telepristavkasini qayta ishlashga kirishgan.

Asosiysi – Apple bu ishga hali endigina jiddiy kirishmoqda. Yaqin yillarda u videokontent ishlab chiqarishga milliard dollardan ortiq mablag‘ kiritishga bel bog‘lagan.

 Nima deysiz, bu sohada u raqobatchilaridan o‘zib ketarmikan? Omon bo‘lsak ko‘rarmiz...

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!