Apple maxfiy ravishda avtomobil yaratish ustida ishlayaptimi?

Apple maxfiy ravishda avtomobil yaratish ustida ishlayaptimi?

Apple kompaniyasining elektromobil yaratish ustida tadqiqotlar olib borayotgani haqidagi gaplar tez-tez quloqqa chalinmoqda. Aniq ma’lumotlar kam bo‘lsa-da, turli nashrlar turlicha xabarlar tarqatayapti.

Fox News telekanalining taxminlariga ko‘ra, Apple kompaniyasining muxtaxassislari AQShning Kaliforniya shtatidagi Sanniveyl shahridan uncha uzoq bo‘lmagan o‘z kompleksida birinchi elektromobilini ishlab chiqish ustida maxfiy faoliyat olib bormoqda.

Mazkur kompleks yaqinida istiqomat qiluvchi odamlarning tasdiqlashicha, hudud 3,7 metrlik to‘siqlar bilan ihotalab qo‘yilgan. Bu yerdan tunu kun eshitilayotgan turli mexanik shovqinlar va temir-tersaklar ovozi mahalliy aholining hayratiga sabab bo‘layapti. Ularda temirchilik sanoati faollashgandek taassurot uyg‘otmoqda.

Shuningdek, odamlar telekanalga Apple kompaniyasiga tegishli inshootdagi qo‘riqlash tartibi o‘zgargani va bu juda shubhali ekanini aytishgan. Masalan, kuchuklari bilan kompleks yaqinida sayr qilayotgan odamlar Toyota Prius oq avtomobilidagi qorovullar tomonidan diqqat bilan kuzatilmoqda. Bordiyu kimdir bilmasdan yub’yektga juda yaqin borib qolsa, piyoda qo‘riqchilar tomonidan darhol to‘xtatilayapti.

Apple kompaniyasi  jurnalistlarning savollariga hozircha hech qanday rasmiy munosabat bildirmadi. Kaliforniyadagi korporatsiya ham ilk avtomobillar ustida izlanishlar olib borilayotgani to‘g‘risida rasmiy xabar bermagan. Biroq OAV avvalroq Apple kompaniyasi avtomobilsozlikni yo‘lga qo‘yish maqsadida Ford va Mercedes-Benz`dan o‘nlab mutaxassislarni jalb qilgani haqida yozgandi.

Reuters agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2014 yili Apple kompaniyasi boshlig‘i Tim Kuk BMW kompaniyasining Myunxendagi shtab-kvartirasida rasmiy tashrif bilan bo‘lgan. Uning yordamchisi esa avtokonsernning Leypsig shahridagi zavodida BMW i3 elektromobilining ishlab chiqarilishi jarayoni bilan yaqindan tanishgan.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.