Apple Watch’lar bu yil jiddiy o‘zgarishga uchraydi

  •   DiMaX
  •  931
  •  28.03.2018 13:00

Apple Watch’lar bu yil jiddiy o‘zgarishga uchraydi

Kupertinolik gigant 2017 yilgi superflagmani bilan smartfonsozlikda yangi yo‘nalish – «kemtik»li ekran dizaynini boshlab bergan edi. 2018 yilda esa u «aqlli» soatlarning dizayni borasida ham burilish yasamoqchi.

O‘QING: Apple qanday gadjetlar bozorida Xiaomi’dan oldinga o‘tib oldi?

KGI kompaniyasi tahlilchisi Ming-Chi Kuo to‘rtinchi avlod Apple Watch haqida yangi tafsilotlarni ma’lum qildi. O‘zining to‘g‘ri chiquvchi prognozlari bilan tanilgan ushbu mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, Apple bu yil smart-soatning dizayniga jiddiy o‘zgarishlar kiritmoqchi.

Kuo fikricha, Apple Watch Series 4 joriy yilning uchinchi choragida taqdim etiladi. Korporatsiya uning displeyini 15 foizga kattaytirishi kutilmoqda, ammo buning aynan nima evaziga qilinishi hozircha ma’lum emas. Kompaniya muhandislari yo soat o‘lchamini kattaytirishadi, yoki displey atrofidagi romni yupqalashtirishadi.

Tabiiyki, ikkinchi variant hashamdorroq ko‘rinadi, lekin ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, kupertinoliklar bu yil Apple Watch akkumulyatorining sig‘imini ham yirikroq qilishmoqchi. Buning eng oddiy usuli esa – soatning o‘zini ham biroz kattaytirishdir. Bu esa «aqlli» soatning qalinligiga emas, balki yonlariga biroz qo‘shish orqali amalga oshirilishi ehtimoli yuqori. Shu bois ham bu yil amaldagi – korpusi 38 va 42 millimetrlik Apple Watch’lar yoniga 46 millimetrligi ham qo‘shilishini kutish mumkin.

O‘QING: Shveysariyaliklar Apple Watch’ga javoban «anti-aqlli soat» ishlab chiqarishdi

Shuningdek, Kuo bu soatlarning yangi avlodida foydalanuvchining salomatligini kuzatib boruvchi yangilangan datchik ham bo‘lishini aytgan. Ammo bu aynan qaysi sensor ekani noma’lum; ehtimol, Apple pulsometrni modifikatsiya qilgandir.

Apple Watch Series 4 shu yilning sentyabr yoki oktyabr oyida namoyish etilishi mumkin. Biroq uning narxida qanday o‘zgarishlar bo‘lishi borasida ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Eng qimmat Apple Watch ham uddalay olmagan ishga qodir Haier Asu smart-soati taqdim etildi

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!