AQShdan mustaqil Rossiya internetini yaratishmoqchi, lekin qanday qilib?

  •   DiMaX
  •  709
  •  15.12.2018 12:41

AQShdan mustaqil Rossiya internetini yaratishmoqchi, lekin qanday qilib?

Rossiya Federatsiyasi geosiyosiy sabablarga ko‘ra jahon internetidan uzilib, o‘z «ichki internet»ini yaratishni mo‘ljallamoqda. Masala jiddiy, hatto bu haqda Davlat Dumasiga qonun loyihasi ham kiritildi.

O‘QING: BOShLANDI: Gollandiya allaqachon Rossiyaga «kiber-urush» e’lon qildi!

Geosiyosiy raqiblar uzib qo‘ya olmaydigan «Mustaqil runet» g‘oyasi hali 2014 yili – G‘arb bilan ziddiyatlar kuchaygan palladayoq o‘rtaga tashlangan edi. Loyiha mualliflarining ta’kidlashlaricha, bunda xorijiy trafikning bloklanishi haqida gap ketmayapti. Ammo ekspertlarning fikricha, buni amalda qo‘llash mushkul bo‘ladi.

Ushbu loyihani Federatsiya Kengashi a’zolari – Andrey Klishas va Lyudmila Bokova, shuningdek Gosduma deputati Andrey Lugovoy kiritgan. «Rossiyaning kiberhujumlari haqida AQShning bayonotlari hamda atrofdagilarning tajovuzkorligi sharoitida biz Rossiyada internetning xavfsizligini ta’minlashimiz lozim – agar AQSh asosiy serverlarga kirishni cheklasa ham ishlaydigan bo‘lsin», deydi Lugovoy. Uningcha, bu yerda gap xorijiy internet-trafikni bloklash haqida emas, balki AQShdagi serverlar bloklab qo‘yilganida ham Rossiyada internet ishlayveradigan bo‘lishi haqida ketayotir.

Loyihaga ko‘ra, Rossiyaning aloqa operatorlari o‘z tarmoqlariga shunday jihozlar o‘rnatishlari kerakki, ular uzatiladigan axborot manbalarini aniqlashi va zarurat bo‘lsa bloklashi lozim. Jarayon ustidan nazorat o‘rnatish uchun butun Rossiya aloqa infratuzilmasini monitoring qilish markazini yaratish taklif etilmoqda. Ushbu markaz internet-trafik marshrutizatsiyasini kuzatib boradi, deydi Lugovoy. Markazning faoliyatini esa Roskomnadzor nazorat qilib boradi, bu tashkilot Rossiya ichki traffigining xorijiy tranzit aloqa uzellari orqali imkon qadar kam o‘tishini ta’minlashi darkor.

Mustaqil internet tarmog‘ini yaratish – Rossiya hukumati uchun unchalik yangi g‘oya emas. 2014 yilning iyulida Rossiya Federatsiyasining Raqamli taraqqiyot, aloqa  va ommaviy kommunikatsiyalar ministrligi (Ministerstvo sifrovogo razvitiya, svyazi i massovix kommunikatsiy; qisqacha aytilishi – Minkomsvyazi) maxsus o‘quv tadbiri o‘tkazgan. Uning maqsadi Rossiyada internetning avtonom ishlash barqarorligini tekshirib ko‘rish edi. Ammo bunda runetning zaifligi aniqlandi va uning natijalari haqida Xavfsizlik kengashida prezidentga hisobot berishgan. Rossiya aloqa operatorlari o‘z uskunalarini shunday sozlashlari kerakki, favqulodda vaziyat yuzaga kelib qolsa, mamlakat internetini tezkorlik bilan global internetdan uzish mumkin bo‘lsin. Lugovoyning ta’kidlashicha, bugungi kunda shunday qilish imkoni bor va buning uchun qo‘shimcha mablag‘ ham shart emas, shunchaki jihozlarni qaytadan sozlash kerak bo‘ladi.

«Mustaqil runet» haqidagi qonun loyihasi ham Gosdumaga ilk bora kiritilayotgani yo‘q. Yuqorida eslab o‘tilgan o‘quv tadbirlari yakunlari bo‘yicha 2016 yili Minkomsvyazi shunga o‘xshash loyiha ishlab chiqib, muhokamaga qo‘ygan, ammo unga boshqa ministrliklar salbiy munosabat bildirishgan edi. «PIR-sentr» nodavlat tashkiloti axborot xavfsizligi bo‘yicha maslahatchisi Oleg Demidov fikricha, yangi loyihani ham amaliyotga tatbiq etish o‘ta qiyin bo‘ladi. Zero, Rossiya ichida o‘z domen tuzilmasini yaratish mumkin, ammo uni jahon tizimiga joylashtirish qiyin. Mustaqil Rossiya internetidan kimdir foydalanishi ham dargumon – hamma umumjahon tarmog‘iga chiqish yo‘lini qidiradi va topadi ham, deydi ekspert.

O‘QING: Interneti «erkin bo‘lmagan» mamlakatlar