Arzon, ammo «qo‘shko‘z» Xiaomi Redmi S2 smartfoni ham sotuvga tayyor!

  •   DiMaX
  •  4411
  •  24.04.2018 12:19

Arzon, ammo «qo‘shko‘z» Xiaomi Redmi S2 smartfoni ham sotuvga tayyor!

O‘zining bir qator hamyonbop va sifatli mahsulotlari bilan tobora jahon bozorlarini jabt etib kelayotgan Xiaomi kompaniyasi yana bitta rusumda hamyonbop smartfon tayyorlab ulguribdi. Xitoyning Telekommunikatsiya jihozlarini sertifikatlash markazi – TENAA saytida bu haqda ma’lumot e’lon qilingan.

Hali taqdim etilmagan smartfon Xiaomi Redmi S2 deb nomlangan bo‘lib, TENAA ma’lumotlar bazasida u M1803E6E model raqami bilan qayd etilgan.

O‘QING: Xiaomi'ning arzon, biroq qimmatidan yaxshiroq 4 ta smartfoni

Xiaomi Redmi S2 modeli o‘lchami diagonaliga 5,99 dyuymni tashkil etuvchi ekran bilan jihozlangan. Uning tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lib, displeyning tasvir aniqligi HD+ formatida (720x1440 pikselli). Uning orqa panelida esa barmoq izi skaneri hamda 12+5 megapikselli qo‘shaloq kamera joylashgan. Selfi uchun ekran ustiga 16 megapikselli datchikka ega kamera qo‘ndirilgan. Biroq mazkur ko‘rsatkichlar turli manbalarda har xil berilgani bois, ma’lumotlar aniq emas.

Mazkur qurilma maksimal 2 GGs takt chastotali sakkizta yadroga ega Qualcomm Snapdragon 625 protsessori bazasida ishlaydi. Smartfon tezkor va doimiy xotirasining hajmiga ko‘ra uch xil – 2/16, 3/32 hamda 4/64 gigabaytlik modifikatsiyalarda taqdim etiladi. Shuningdek, microSD formatli karta yordamida uning xotirasini yana 128 gigabaytga oshirish imkoni mavjud.

O‘QING: "Malika"dan maxsus: Xiaomi'ning yaxshi sotilayotgan 10 smartfoni

MIUI 9 grafik qobig‘idagi Android 8.1 Oreo operatsion tizim talqini boshqaruvi ostida ishlovchi Xiaomi Redmi S2 akkumulyatori 3080 mA/soat sig‘imga ega. Unga ikkita SIM-karta o‘rnatish mumkin, devays 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 a/b/g/n), Bluetooth 4.2, GPS + GLONASS modullari bilan jihozlangan.

Redmi S2 modeli ertagayoq – 25 aprelda, Xiaomi’ning navbatdagi flagmani – Mi 6X bilan birga taqdim etiladi. U qora, tillarang-pushti, tillarang, oq, moviy, qizil, pushti, kul rang va kumushrang korpuslarda chiqariladi.

Bu modelning bozorga chiqarilish vaqti hamda narxi hozircha noma’lum. Ammo Xiaomi’ning bir qator smartfonlarini O‘zbekistonda ham xarid qilish imkoni mavjud.

O‘QING: Toshkentda Xiaomi smartfonlari narxlari (2018 yil 18 aprel)

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.