Asus jahondagi eng yupqa noutbuk — ZenBook Flip S’ni taqdim qildi

Asus jahondagi eng yupqa noutbuk — ZenBook Flip S’ni taqdim qildi

30 maydan 3 iyunga qadar Tayvanda bo‘lib o‘tadigan Computex 2017 axborot-kommunikatsiya anjumanida jahonning yirik texnologiya ishlab chiqaruvchilaridan biri bo‘lgan ASUS kompaniyasi ZenBook Flip S (UX370UA) — jahondagi eng yupqa transformer planshetbukni taqdim qildi. Undan ham noutbuk, ham planshet sifatida foydalanish mumkin. Garchi, ekran klaviaturadan ajralmasa ham, orqaga to‘liq yotadi.

Korpus qalinligining kichikligiga qaramasdan, ishlab chiqaruvchi ZenBook Flip S’ni imkon qadar eng ilg‘or apparat ta’minot vositalari bilan ta’minlagan. Noutbuk 2,1 Ggs chastota tezligida ishlaydigan Intel Kaby Lake – Core i7-7500U hamda Core i5-7200U kuchli protsessorlari, 8 GB yoki 16 GB tezkor xotiraga, shuningdek 256 gigabaytdan 1 terabaytgacha bo‘lgan doimiy xotirali talqinlari ham ishlab chiqariladi. 1 terabaytli talqinda yangi NVMe xotira interfeysi, boshqa talqinlarda an’anaviy SATA interfeysi o‘rnatiladi.

Taqdimotda aytilishicha, u raqiblari bo‘lgan HP Spectre x360’dan 1.03, Apple Macbook’dan 1.48 marta tezroq ishlaydi.

ASUS ZenBook Flip S 13,3 dyuymli displeyga ega. Uning ekrani Full HD (1080P) yoki 178 gradusli keng burchakli 4K UHD (3840 x 2160 pikselli) sig‘imli, sekundiga 60 kadr yangilanadigan (60 Gs) hamda sRGB rang gammasini 100% qo‘llab-quvvatlaydi. Sensor ekran Corning Gorilla Glass himoya shishasi bilan qoplangan va o‘ta yupqa — 6,11 millimetrli romga ega. Ekran va klaviatura korpusini «ErgoLift» oshiq-moshig‘i yordamida biriktirish mumkin. Natijada, qurilma planshet rejimiga o‘tib, klaviaturani 135 gradusga engashtiradi va ekrandan qulay foydalanish imkoni yuzaga keladi.

Shuningdek, noutbukda 2 ta USB 3.1 portlari, klavishlari osti chiroqli to‘liq o‘lchamli klaviatura, sensorli barmoq izlari skaneri, ilg‘or Cortana mikrofoni hamda 2 kanalli Harmon Kardon ovoz texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan veb-kamera, 802.11ac va Bluetooth 4.1 simsiz aloqa standartlari mavjud.

Asus ma’lum qilishicha, ZenBook Flip S’ning 3900 mA soat tok sig‘imli batareyasi to‘liq quvvat bilan 11,5 soatdan ko‘proq ishlaydi. Shu bilan birga, bu akkumulyator tezkor quvvatlash texnologiyasiga ega va 49 minutda quvvatini 60% ga to‘ldira oladi.

Darvoqe, Asus mana shu jihatlarning barchasini korpus qalinligi 10,9 mm hamda vazni 1.13 kg bo‘lgan elektron gadjetga joylashtirishga erishgan. Asus ZenBook Flip S gadjeti sentyabrdan 1099 dollardan boshlab sotuvga chiqariladi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!