Atigi 130 dollardan 7 dyuymlik ekran, stereodinamik va 6000 mA/soatlik akkumulyatorga ega smartfon sotila boshladi

  •   DiMaX
  •  4142
  •  23.06.2020 09:38

Atigi 130 dollardan 7 dyuymlik ekran, stereodinamik va 6000 mA/soatlik akkumulyatorga ega smartfon sotila boshladi

Tecno kompaniyasi bugun – 23 iyundan o‘zining yangi Spark Power 2 smartfonini sotuvga chiqarmoqda. Hindistonda savdosi boshlanishida uni atigi 130 dollarga teng narxda olish mumkin.

O‘QING: Redmi K30 naq yuz dollarga arzonlashib, K30 Pro yangi variantda taqdim etildi

Tecno Spark Power 2 diagonaliga 7 dyuymlik, HD+ formatidagi displeyga ega va u korpus old yuzasining 90,6% qismini egallaydi. Smartfonning apparat ta’minoti asosini MediaTek Helio P22 protsessori egallaydi, unga 4 gigabaytlik tezkor xotira hamrohlik qiladi. Smartfonning ichki xotirasi 64 gigabaytlik bo‘lib, yana MicroSD formatli xotira kartasi uchun sloti ham bor.

Ishlab chiqaruvchi bu smartfonini HiOS grafik qobig‘i ostidagi Android 10 operatsion tizim talqini bilan ta’minlagan. Tecno Spark Power 2 kvadrokamerasi 16, 5, 2 va 2 megapiksellik modullardan iborat. Smartfon selfisevarlarga ham ma’qul keladi: old kamera 16 megapiksellik datchikdan tashqari LED-chaqnoqni ham o‘z ichiga olgan.

Spark Power 2 afzalliklaridan yana biri baland ovozli ikkita stereodinamikdir. Smartfon barmoq izi skaneridan tashqari, egasini yuzidan tanib tizimni qulfdan chiqarish funksiyasiga ham ega. Uning 6000 mA/soatlik akkumulyatori esa 18 vattlik tezkor quvvatlana oladi. Batareyaning noldan boshlab 50 foizgacha to‘lishi uchun bir soat kifoya qiladi.

Afsuski, Tecno Spark Power 2 smartfonining Hindistondan boshqa mamlakatlar bozorlariga chiqishi haqida hozircha ma’lumot yo‘q.

O‘QING: Arzon «avtonomlik monstri» – Galaxy M31s xususiyatlarini Geekbench fosh etdi

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!