Atigi 59 dollarga Android Go tizimli Nokia C1 chiqdi! (+video)

  •   DiMaX
  •  1738
  •  12.12.2019 14:47

Atigi 59 dollarga Android Go tizimli Nokia C1 chiqdi! (+video)

HMD Global kompaniyasi afsonaviy brend ostida bu yilgi eng arzon smartfonini namoyish qildi. Nokia C1 rusumli bu devays kuchsiz smartfonlarga moslashtirilgan Android Go operatsion tizimida ishlaydi.

O‘QING: Redmi 8A raqibi – toza Android’li va o‘ta arzon Nokia 2.3 chiqdi (+video)

Nokia C1 plastik korpusga va bugungi kun standartlariga binoan ixcham – 5,45 dyuymlik displeyga ega. Ekranning tasvir aniqligi past – 480x960 piksellik, ammo unda IPS-matritsa qo‘llangan. Yana bir ustunligi – odatda arzon smartfonlarda ekranni plastik qatlam bilan muhofaza etilsa, bu modelda haqiqiy himoya shishasi qo‘llangan.

Smartfonda ikkita SIM-karta uyachasi mavjud, lekin u faqat 3G standartigacha aloqa tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlaydi – LTE yo‘q. Akkumulyatori yaxshigina – 2500 mA/soatlik bo‘lib, telefonning texnik xususiyatlariga qaraganda, uning quvvati ikki kunga yetsa kerak.

O‘QING: Avtonomlik sinovi: 2019 yilning 10 ta arzon va aktual smartfonlari

Samaradorlik borasida Nokia C1 ancha kamtar: unda to‘rt yadroli MediaTek protsessori, 1 GB tezkor va 16 GB ichki xotira qo‘llangan. Xotirasini microSD formatli karta yordamida kengaytirish mumkin.

Smartfonning bosh kamerasi ham, selfi-kamerasi ham 5 megapiksellik yakka datchiklardan iborat va yaxshi tomoni – oldida ham fotochaqnog‘i bor.

Nokia C1 hozircha faqat Keniya va Nigeriyada sotuvga chiqqan, keyinchalik boshqa mamlakatlar bozorlariga ham yetkazib berishadi. Smartfon narxi 6 ming Keniya shillingiga teng, bu esa 59 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Nokia Smart TV namoyish etildi: narxi, jihatlari va videosi!