Avast «eng xavfsiz» va mutlaqo bepul brauzerni taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  1552
  •  06.04.2018 13:18

Avast «eng xavfsiz» va mutlaqo bepul brauzerni taqdim etdi

Asosan antivirus dasturlari bilan tanilgan Avast kompaniyasi o‘zining Avast Secure Browser nomli brauzerini foydalanishga topshirdi. Ishlab chiquvchilarning ta’kidlashicha, bu – Windows tizimi uchun «eng xavfsiz» brauzerdir.

O‘QING: Windows 10 uchun 7 ta ishonchli antivirus

Aslini olganda, Avast Secure Browser dasturi – SafeZone Browser’ning yangilangan shaklidir. Uni endi butun dunyodagi foydalanuvchilar bepul ko‘chirib olishlari mumkin.

Avast Secure Browser odatda ko‘pchilik brauzerlardagi kabi «Xususiy kirish» va «Inkognito» kabi rejimlar bilangina cheklanib qolmaydi. Ushbu dastur xavfsizlikning bir qator sozlamalarini taqdim etadi va foydalanuvchi ularni o‘z xohishiga ko‘ra sozlab olishi mumkin. Ular orasida fishingdan saqlanish vositasi, bank operatsiyalari rejimi, «ko‘rinmaslik» rejimi va ichki VPN kabilar bor.

Shuningdek, Avast Secure Browser o‘z foydalanuvchilarini uchinchi shaxslar (veb-saytlar va internet-provayderlar singari) kuzatuvidan ham himoyalaydi. Bu brauzer ko‘rishlar tarixini kuzatish va saqlashdan, kirilgan saytlarni kuzatishga xizmat qiluvchi cookie-fayllarning qo‘llanishidan, shuningdek, foydalanuvchining profilini yaratishda ishlatiluvchi shaxsiy ma’lumotlardan foydalanishdan ham muhofaza etadi.

O‘QING: Raqamli barmoq izi va uni yashirish

Avast Secure Browser quyidagi funksiyalarni o‘z ichiga oladi:

  • «Kuzatishlarsiz rejim» – veb-saytlar tarmoqdagi foydalanuvchini kuzatishlarini cheklaydi;
  • «Bank operatsiyalari rejimi» – foydalanuvchi tomonidan kiritiladigan ma’lumotlarni xakerlar «ko‘z»idan yashiradi;
  • «Identifikatsiyasiz rejim» – brauzerning betakror ma’lumotlarini yashiradi;
  • Adblock – ziyonkor reklamalardan muhofaza etadi;
  • «Kengaytmalardan himoya» – brauzerni ishonchsiz kengaytmalar o‘rnatilishidan saqlaydi.

Avast Secure Browser’ni ayni damda Windows 10, 8, 7 operatsion tizimlarida ishlovchi kompyuter va noutbuklarga o‘rnatib olish mumkin, buning uchun mana bu havola orqali o‘tasiz. Dasturchilar bu brauzerning iOS hamda Android uchun mo‘ljallangan mobil versiyalarini ham 2018 yilning o‘zida taqdim etishni rejalashtirishgan. Ungacha esa quyidagi kabi ilovalardan foydalanib turishingiz mumkin.

O‘QING: Firefox Focus – vahimachilar va tejamkorlar uchun mobil brauzer

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!