Barcha xizmatlar uchun yagona elektron raqamli imzo ishlab chiqiladi

  •   DiMaX
  •  475
  •  10.01.2020 16:18

Barcha xizmatlar uchun yagona elektron raqamli imzo ishlab chiqiladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish samaradorligini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu to‘g‘rida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi xabar bermoqda.

O‘QING: Yagona qisqa raqam tizimi joriy etiladi: 112 qisqa raqami haqida eshitdingizmi?

Mazkur yig‘ilishda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Adliya vazirligiga barcha idoralarning davlat xizmatlari bilan bog‘liq axborot tizimlari va ma’lumotlar bazasini yaratish bo‘yicha manzilli dastur ishlab chiqish vazifasi topshirildi.

Elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini yil yakunigacha kamida 5 baravarga oshirish, 2025 yilgacha to‘liq elektron xizmat ko‘rsatishga o‘tish maqsad qilib qo‘yildi.

Aholining 75 foizi internetga mobil qurilmalar orqali kirayotganini inobatga olib, Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining mobil versiyasini ishga tushirish muhimligi qayd etildi. Uzoq hududlarda yashaydigan aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazining 50 dan ortiq filialini tashkil etishni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Xorijiy tajribani qo‘llagan holda, odamlarga bir murojaat asosida qo‘shimcha kompleks xizmatlar ko‘rsatish hamda fuqaroning murojaatisiz ham unga kerakli xizmat turlarini taklif qilish mumkinligi qayd etildi.

Misol uchun, farzand tug‘ilishi bilan unga tug‘ilganlikni qayd etish, nafaqa belgilash, yashash joyiga ro‘yxatga va tibbiyot muassasasiga hisobga qo‘yish, bolalar bog‘chasiga navbat kabi xizmatlar biryo‘la taqdim etilsa, ota-onalarga g‘oyat qulay bo‘ladi.

O‘QING: Nega O‘zbekistonda elektron hukumat to‘liq ishga tushirilmayapti?

Yig‘ilishda ushbu tizimni eksperiment tariqasida Toshkent shahrida, keyinchalik boshqa hududlarda bosqichma-bosqich joriy etish yuzasidan topshiriq berildi.

Prezidentimiz ko‘plab xizmatlar uchun elektron raqamli imzo talab qilinishi odamlarga qiyinchilik tug‘dirayotgani, ayniqsa, bu tadbirkorlarning eng og‘riqli nuqtasi ekanini ta’kidladi.

Elektron raqamli imzodan kompyuter orqaligina foydalanish mumkin. Tadbirkor ro‘yxatdan o‘tish uchun soliq idorasi kaliti, bojxona hujjatlari uchun bojxona kaliti va hisob raqami bilan ishlash uchun bankning elektron raqamli imzosini olishi shart. Bu kalitlarni olish uchun har bir idoraga alohida-alohida borib, uni xarid qilishi, tag‘in muayyan muddatda yana mablag‘ sarflab yangilashi kerak.

Prezidentimiz tomonidan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda elektron raqamli imzo talab etiladigan xizmat turlari uchun shaxsni tasdiqlashning muqobil, xavfsiz va sodda usullarini joriy qilish vazifasi qo‘yildi. Shu yil 1 iyulgacha hamma xizmatlar uchun yagona bo‘lgan elektron raqamli imzo ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berildi.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi, deyiladi xabarda.

O‘QING: Ilk bor internet orqali uyni o‘g‘irlashdi – elektron raqamli imzo yordamida!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.