Batareyalarning portlashi: sabab va oqibatlari, himoyalanish usullari

  •   DiMaX
  •  2839
  •  05.04.2017 17:06

Batareyalarning portlashi: sabab va oqibatlari, himoyalanish usullari

Yonib yoki portlab ketuvchi akkumulyatorlar – mobil qurilmalar foydalanuvchilarining xavfsirashiga sabab bo‘luvchi asosiy omillardan biridir. Bu bejiz emas, albatta – keyingi paytlarda shunaqa salbiy holatlar uchrab turibdi. Shu bois bugun sizlarga bu borada kerakli ma’lumotlarni yetkazib, zaruriy tavsiyalarni berishga qaror qildik.

Portlashlar tarixidan

Garchi bu borada eng shov-shuvli voqealar Galaxy Note 7 hamda ayrim Apple mahsulotlari bilan bog‘liq bo‘lsa-da, bungacha ham batareyalarning portlashi hollari uchragan. Tag‘in, faqat smartfon va planshetlarda emas, balki har xil turdagi qurilmalarda.

Masalan, 2006 yili noutbuk ishlab chiqaruvchi ko‘plab yirik kompaniyalar, jumladan – Apple, Dell, Lenovo, Fujitsu, Hitachi, Sharp va Sony o‘zlarining minglab, hatto yuz minglab mahsulotlarini bozordan qaytarib ola boshlaganlar. Sababi bitta – har xil modeldagi noutbuklarga o‘rnatilgan Sony akkumulyatorlaridagi defekt. U sababli ko‘plab gadjetlar portlab ketgan.

2009 yili esa bir nechta iPhone va iPod Touch qurilmalari umuman tushunarsiz sabablarga ko‘ra yonib keta boshlaganida, yana batareyalarning xavfliligi masalasi kun tartibiga ko‘tarildi.

Bunaqa muammolarga boshqa devayslar sohiblari ham duch kelishgan. Akkumulyatorlarning alanga olib yoki portlab ketishi Samsung Galaxy S II smartfonlarida, Apple PowerBook noutbuklarida va hatto tugmachali Nokia 8210 telefonlarida ham qayd etilgan.

Batareyalarning portlashi haqidagi xabarlar tobora ko‘paya bordi, xususan, o‘tgan 2016 yili bu borada juda ko‘p holatlarga duch kelindi. Yanvar oyida Sony Xperia T3, fevralda Lenovo A6000, mart oyida – iPhone 6, aprelda bo‘lsa LG Optimus F6 portlab ketgan. Iyunda Samsung GALAXY S5, keyingi oyda Xiaomi smartfoni, avgustda – iPhone 6 ayni shu – akkumulyator nosozligi sababli yonib ketgan. Sentyabr esa Galaxy Note 7 smartfonlarining ko‘p sonli portlashlariga boy tarzda o‘tdi, oktyabrda bo‘lsa quvvatlantirishga qo‘yilgan iPhone 7 sababli mashina yonib ketdi. Noyabrda AQShdagi uylardan birida giroskuter portlashi bir million dollarlik moddiy zarar keltirdi.

Mana, 2017 yil ham portlashlardan xoli kechmayapti. Yanvarda HP 100 mingta noutbukini batareyadagi ishkal sababli qaytarib olishini ma’lum qildi. Fevralda esa, xuddi shu sabablarga ko‘ra, Apple 88 ming dona iPhone 6S smartfonlarini qaytarib olishga majbur bo‘ldi. Martda esa umuman kutilmagan hodisa yuz berdi – samolyot bortida yo‘lovchi ayolning qulog‘idagi simsiz quloqchin yonib ketdi!

Ko‘rib chiqqanimizdek, batareyalarning yonib/portlab ketishi xavfi faqat smartfon va noutbuklargagina tegishli emas ekan. Litiyli akkumulyator o‘rnatilgan boshqa tur devayslar ham shunday holga tushishi mumkinligi oydinlashdi. Demak, haqli savolga yetib keldik:

Akkumulyatorlar nega portlaydi?

Fizika va ximiya nuqtai nazaridan litiyli akkumulyatorlar portlashining asosiy sababi bitta – katod va anod orasidagi qisqa tutashuv. Agar shu yuzaga kelsa, tok kuchining birdaniga ortib ketishi batareyani qizdira boshlaydi. Harorat selsiy shkalasi bo‘yicha 70-90 darajaga yetganida, erigan litiy elektrolit bilan aloqaga kirishadi. Bunda portlash xavfi mavjud bo‘lgan modda ajralib chiqadi, ammo oraga kislorod aralashmaguncha bu yuzaga kelmaydi. Ayni mana shu pallada eng yaxshi yechim – akkumulyator korpusini imkon qadar tezroq sindirish. To‘g‘ri, bunda ham batareyani yonishdan saqlab qolish imkoni yo‘q, ammo portlash yuzaga kelmaydi.

Ammo, agarda batareya mustahkam bo‘lsa, harorat tezda 200 darajagacha ko‘tariladi va katod materiali parchalanib, o‘zidan kislorod ajratib chiqara boshlaydi. Mazkur jarayonni esa elektrolitning shunday haroratda boshlanadigan termik erishi yanada tezlashtiradi. Aynan uglevodorodlarning, kislorod ko‘rinishidagi oksidlovchi moddaning mavjudligi va yuqori harorat – portlash uchun eng qulay sharoitdir. Apparatning tuzilishidan kelib chiqib, mazkur portlash yo batareya o‘rnashgan bo‘lma qopqog‘ini otib yuboradi, yo qurilmaning o‘zini parcha-parcha qilib tashlaydi. Ikkinchi holat ko‘proq jiddiy talofatlarga va jarohatlarga olib kelishi ehtimoli katta, albatta. Eng yomon oqibat – akkumulyator ichidagi harorat 660-900 darajagacha ko‘tarilib, grafit va erigan alyuminiy ham qolgan elektrolit bilan reaksiyaga kirishuvidir.

Qisqa tutashuvning sabablari

Birinchi sabab – akkumulyatorga mexanik bosim ta’sir etishi. Smartfon qattiq joyga urilganida batareya ham siqilib, anod va katod o‘zaro teginib ketishi mumkin, bu esa yuqorida sanab o‘tilgan qaytmas reaksiyalar zanjirini ishga tushirib yuboradi. Samsung Galaxy Note 7 batareyalarining yonib ketishiga aynan mana shu omil sababchi bo‘lgan: yupqa korpus akkumulyatorni juda qattiq siqib turgan, bu esa ba’zi hollarda elektrodlarning o‘zaro kontaktiga olib kelgan.

Ikkinchi sabab – batareyaning haddan ziyod qizishi, bu esa original bo‘lmagan quvvatlagichdan foydalanish yoki qurilmaning quyosh nurlari to‘g‘ridan-to‘g‘ri tushib turgan joyda uzoq vaqt qolib ketishi natijasida yuzaga keladi. Ba’zan shu ikki omil birgalikda keladi: aynan shu sababli ham avtomobillarda qoldirilgan smartfonlarning yonib ketishi hollari ko‘proq qayd etilgan. Harorat ko‘tarilganida, fizik qonunlarga ko‘ra, akkumulyatorning ichki qismlari kengayadi, bu esa mikroskopik darajadagi qisqa tutashuvlar tizimini yuzaga keltiradi. Mazkur mayda qisqa tutashuvlar o‘zaro qo‘shilib ketmasidan avval muammoning kattayishini to‘xtatsa bo‘ladi – akkumulyatorni sovitish kerak. Lekin qizib borayotgani payqalmasa, batareya ichida yuqorida ta’kidlangan mayda muammolar keng ko‘lam olib, yonish yoki portlashga olib keladi.

Uchinchi sabab – akkumulyatorning eskirishi hisoblanadi. Bu hol har qanday litiyli batareyada ham yuzaga keladi, ammo biz aksariyat hollarda akkumulyatori yaroqsiz holga kelmasidan avvalroq smartfonning o‘zini almashtiramiz, shu bois sezmaymiz. Lekin batareyalardan noto‘g‘ri yoki haddan ziyod ko‘p foydalanish – tezkor quvvatlash, yuqori harorat ta’siri, qurilmani qattiq sovuqda ishlatish kabilar oqibatida ham ular tez eskirib qoladi. Xullas, eskirish natijasida akkumulyator ichida dendritlar – metalli litiydan iborat butoqlar o‘sa boshlaydi. Ular anoddan o‘sib chiqadi, vaqt o‘tishi bilan uzayib, katodga yetib borsa tamom – qisqa tutashuv yuzaga keladi.

Himoyalanish choralari

Ko‘pincha internetdagi maqolalarda, smartfonlarning batareyalarini faqat original quvvatlagichlari yordamidagina to‘ldirish tavsiya etiladi. Bu haqiqat, faqat qisman to‘g‘ri. Gadjet jamlanmasida keladigan yoki firma do‘konlarida sotiladigan quvvatlash bloklaridan tashqari, siz sertifikatlangan quvvatlagichlardan foydalansangiz ham bo‘laveradi.

Masalan, iPhone uchun ishlab chiqaruvchisi boshqa bo‘lgan, ammo Apple kompaniyasi tomonidan sertifikatlangan quvvatlash uskunasi originalidan qolishmaydi, hatto undan yaxshi bo‘lishi ham mumkin. Android masalasida esa boshqacharoq – sertifikatlarni gadjetni ishlab chiqaruvchi emas, balki quvvatlash texnologiyasini ishlab chiquvchi firma beradi. Deylik, devaysingiz Quick Charge texnologiyasini qo‘llab-quvvatlaydigan bo‘lsa, siz Qualcomm sertifikatiga ega istalgan quvvatlash blokini xarid qilaversangiz bo‘ladi.

Agarda qurilmangiz akkumulyatorini original bo‘lmagan quvvatlagichda to‘ldirishga majbur bo‘lib qolsangiz, u holda, kuchlanish 5 voltdan, tok kuchi esa 1 amperdan oshmaydigan holatda quvvatlang. Shunda batareyangizga deyarli ziyon yetmaydi.

Gadjetingizni quvvatlantirayotgan payti uning ustini yopib qo‘ymang va quyosh nuri ostida qoldirmang – bu uning haddan tashqari qizib ketishiga sabab bo‘ladi. Garchi shu paytda yonib ketmasa-da, baribir bu holat qurilmangizga va uning batareyasiga yaxshi ta’sir etmaydi.

Shuningdek, quvvat olayotgan payti unda «og‘ir» o‘yinlar o‘ynamang! Bu hol qurilmaning ikki karra qizishiga va akkumulyatorning «umri» qisqarishiga olib keladi. Ammo batareya to‘liq payti quvvatlagich simini uzmasdan o‘ynayverish mumkin. Eslatib o‘tamiz, bu yerda gap qurilmaning qizishiga sabab bo‘luvchi, «og‘ir» dasturlar xususida ketyapti. Quvvat olayotgan smartfonda xabarlarni o‘qish, oddiy o‘yinlarni o‘ynash esa unaqa xavf solmaydi.

Va nihoyat, faol sport turlari bilan shug‘ullanayotgan paytingiz smartfoningiz cho‘ntagingizda turmasin! Yiqilib tushganingizda nafaqat uni sindirib qo‘yishingiz, balki batareyasining mexanik ta’sirlanishi oqibatida yuzaga keladigan portlashdan kuyib qolishingiz ham hech gapmas. Bu maslahatimiz shunga o‘xshash boshqa vaziyatlarga ham tegishli – qurilmani qo‘lingizdan tushirib yuborish ham akkumulyator uchun xavfli.

Vaqt o‘tishi bilan batareyalarning shishib qolishini siz ham payqagansiz, albatta. Bunga uning ichidagi materiallari eskirishi hamda ichkarisida gaz ajralib chiqishi bilan yuzaga keladigan kimyoviy jarayonlar sabab bo‘ladi. Bu holat ham xavfli hisoblanadi, yaxshisi, batareyani shishganligi oddiy ko‘z bilan ko‘rinadigan darajagacha olib bormang. Agar qurilmangizning akkumulyatori olinadigan bo‘lsa, uni olib stol ustiga qo‘ying va aylantirib ko‘ring. Agar g‘irillab aylana olsa, demak, batareyangizning «qorni» shishgan – qappayib ketishini kutmasdan, undan voz kechganingiz ma’qul.

Akkumulyator yonganida nima qilish kerak?

Yuqorida ko‘rsatilgan choralarga qaramasdan, batareyaning o‘zi brak chiqishidan (xuddi Galaxy Note 7 voqealaridagi kabi) hech kim himoyalangan emas. Shu bois, akkumulyator yonishi holatiga duch kelganda ko‘riladigan choralarni ham bilib qo‘ysangiz, zarar qilmaydi.

Birinchi shart – o‘zingizni yo‘qotib qo‘ymang. Agar quvvat olayotgan payti smartfon tutay boshlasa, birinchi navbatda uni elektro tarmog‘idan uzish kerak. Ammo aslo smartfonning o‘ziga tegina ko‘rmang, yaxshisi – quvvatlagichni rozetkadan sug‘uring. Keyin esa tezlik bilan qurilmaga teginish holatining oldini oling. Eng yaxshisi – devaysning ustiga kastryul to‘nkarib qo‘ying. Yo bo‘lmasa, uning o‘zini simidan ushlab yoki biror moslama yordamida ko‘targancha, suvli chelakka soling

Yodda tuting: reaksiya boshlanib bo‘lgach, uy sharoitida uni to‘xtatishning umuman imkoni yo‘q – yo o‘zi to‘xtaydi, yo baribir yonib ketadi. Smartfoningizni endi saqlab qola olmaysiz, tavsiya etilayotgan choralar esa faqatgina salbiy oqibatlarni kamaytiradi.

Agarda bu orada qurilmaning o‘zini yoki undan chiqarib olib batareyani uzoqroqqa – portlasayam hech kimga zarar yetkazmaydigan chekkaroqqa irg‘itishga ulguradigan bo‘lsangiz – buni tezroq qiling. Lekin baribir bu yo‘li ham xavfli – qo‘lingizdayoq portlab ketishi mumkin. Shu bois ham uning ustiga zudlik bilan yonmaydigan, qattiq biror idish to‘nkarib qo‘yish eng yaxshi chora. Har holda, bunda portlasa ham parchalanib har tomonga sochilmaydi, birovga jarohat yetkazmaydi va hamma yoqni yondirib yubormaydi.

Ma’lumki, toza litiyning o‘zini suv bilan o‘chirish mumkin emas – ikkalovi o‘zaro qo‘shilib, portlovchi vodorodni ajratib chiqaradi. Biroq zamonaviy akkumulyatorlarda metalli litiy qo‘llanmaydi, shu bois ular yonayotganida suv bilan o‘chirsa ham bo‘laveradi. Lekin qayta to‘ldirilmaydigan – bir martalik litiyli batareyalarda metalli litiy baribir mavjud, shuning uchun ularda yong‘in yuzaga kelsa, suv tekkizmagan ma’qul.

Xulosa

O‘zingiz ham payqadingiz – zamonaviy mobil qurilmalarning eng nozik, alohida e’tibor talab etuvchi qismi aynan akkumulyatorlar hisoblanadi. Shu bois, ulardan foydalanishdagi tavsiyalarni qisqa tarzda quyidagicha ifodalaymiz. Batareyalarning mexanik shikastlanishiga – siqilishi va qattiq narsaga urilishiga yo‘l qo‘ymang; ularni o‘ta qizib ketishdan va qattiq sovuqdan himoyalang; devayslaringizni faqatgina sinalgan quvvatlagichlar orqali quvvatlang; qurilmangiz o‘chib qoladigan darajada quvvatini tugatib qo‘ymang, faqat oyda bir martagina quvvatini to‘liq tugatib, to 100% to‘lgunicha quvvatlang.

Mana shularga amal qilsangiz, qurilmangiz akkumulyatori sizga uzoq vaqt xavfsiz xizmat qiladi.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.