Bodi-kameralar bo‘yicha shubhali tender: unda yutib chiqqan kompaniyaning AQShdagi dala hovliga qanday aloqasi bor?

  •   DiMaX
  •  1869
  •  03.08.2019 12:05

Bodi-kameralar bo‘yicha shubhali tender: unda yutib chiqqan kompaniyaning AQShdagi dala hovliga qanday aloqasi bor?

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 1 dekabrdagi 975-sonli qaroriga muvofiq Ichki ishlar vazirligi yo‘l patrul xizmati xodimlari 2019 yilning 1 iyul sanasiga qadar bodi-kameralar bilan ta’minlanishi belgilangan edi. Lekin bu tartib o‘z muddatida kuchga kirmadi, deb yozadi Kun.uz jurnalisti Zafarbek Solijonov. Quyida ushbu maqolani tegishli suratlari bilan e’tiboringizga havola etmoqdamiz.

O‘QING: O‘zbekistonda ilk bor: Surxondaryoda YPX xodimlari bodi-kamera bilan ishlay boshladi

Joriy yilning 3 iyul kuni Vazirlar Mahkamasining №556-sonli «Ichki ishlar organlari xodimlarini mobil videokuzatuv vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilinib, unga ko‘ra yo‘l-patrul bo‘linmalari va patrul-post xizmati xodimlarini mobil videokameralar bilan ta’minlash muddati sifatida 2020 yilning 1 yanvariga qadar uzaytirildi.

Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, 2018 yil avgust oyida bodi-kameralarni yetkazib berish bo‘yicha tender o‘tkazilgan. Tenderda Anico Kft, Infinecom LLC, Secure House, «ORGSELL» MChJ, Poly Technologies, Des Ltd, «O‘zelektroapparat – Elektroщit» HJ kabi o‘nga yaqin kompaniyalar qatnashgan. Unda «Infinecom» LLC kompaniyasi yutib chiqqan.

Tender haqqoniy o‘tkazilgandimi? Infinecom LLC (Limited liability company) qanday kompaniya? Uning ta’sischisi kim? AQShning qaysi shtatida faoliyat olib boradi? Toshkent shahridagi ofisi qayerda joylashgan? Kompaniya qachondan beri bu soha bilan shug‘ullanadi? Kun.uz bu borada o‘z jurnalistik surishtiruvini amalga oshirdi. O‘rganish chog‘ida qiziq holatlarga duch keldik.

Ishni Google orqali kompaniya saytini qidirishdan boshladik. Ma’lum bo‘lishicha www.infinecom.com kompaniyaning rasmiy sayti ekan (saytdagi ma’lumotlar rus va ingliz tilida berilgan). Saytdagi ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniyaga 2011 yilda asos solingan bo‘lib, telekommunikatsiya va informatsion texnologiya sohalarida yetakchi kompaniyalardan biri hisoblanadi.

Saytning «Aloqa uchun» bo‘limida kompaniya ro‘yxatdan o‘tkazilgan manzil sifatida «9145 Forest wind drive, Kollervill, Tennessi shtati, AQSh» ko‘rsatilgan bo‘lib, uni Google Maps orqali qidirib ko‘rdik.

Dastur biror ofisni emas, balki Tennesi shtatidagi dala hovlini ko‘rsatdi. Uning atrofidagi boshqa uylar ham dam olish uchun mo‘ljallangan dala hovlilar bo‘lib, kunlik yoki oylik ijaraga berilar ekan. Atrofdagi deyarli barcha manzillarda cho‘milish uchun qurilgan sauna, basseynlarga ega dala hovlilar joylashgandi. Bir so‘z bilan aytganda bu majmua telekommunikatsiya va informatsion texnologiya sohalarida yetakchi kompaniyalardan birining ofisiga sira o‘xshamaydi (balki bu joy kompaniya xodimlari hordiq chiqaradigan dala hovlidir).

Google qidirish xizmati orqali bu uy (9145 Forest wind drive, Kollervill, Tennessi shtati, AQSh) haqida yanada ko‘proq ma’lumotlar oldik. www.redfin.com, www.zillow.com va www.realtor.com saytlarida ushbu uy barcha sharoitlarga egaligi, uning narxi 400 000 AQSh dollari atrofida ekani, 2016 yil 29 martida sotib olingani haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan.

Biznes faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalarni qidirib topishingiz mumkin bo‘lgan https://bizstanding.com sayti orqali esa bu kompaniyaning boshqa bir manzilini topdik.

Ko‘pchilikka ma’lumki, AQShda shaffoflikni ta’minlash uchun tegishli saytlardan istalgan ma’lumotni olishingiz mumkin. https://tnbear.tn.gov/Ecommerce/FilingSearch.aspx sayti orqali kompaniya rostdan ham mazkur shtatda faoliyat yuritadimi yoki yo‘q, shu haqda kerakli yozuvlarni kiritish orqali ma’lumot olishga harakat qildik. Avvaliga «infinecom LLC» yozuvini kiritib qidirib ko‘rdik. Lekin hech narsa topilmadi. Keyin «infinecom» yozuvi orqali kompaniyani qidirdik. Biroq bu safar ham urinishimiz zoye ketdi.

Keyin saytda pochta manzili sifatida ko‘rsatilgan «5865 Ridgeway Center Parkway, Ste 300, Memphis, TN 38120» manziliga yuzlandik. Google maps o‘sha yerda joylashgan sug‘urta kompaniyasi, xristian cherkovi va boshqa tashkilotlar xodimlari tomonidan odatda avtoturargoh sifatida foydalanadigan bo‘m-bo‘sh maydonni ko‘rsatdi. Qiziq emasmi?

2018 yilning 16 mart kuni Infinecom LLC bosh menejeri Dmitriy Popov tomonidan berilgan tavsiyanoma xatida ham yuqoridagi «9145 Forest wind drive, Kollervill, Tennessi shtati, AQSh» manzili ko‘rsatilgan.

Tender komissiyasi raisi F.F.Kasimov kvorum mavjudligini aytib, tenderni o‘tkazgan. «ORGSELL» MChJ va Infinecom LLC kompaniyalari qatnashgan tenderda Infinecom LLC kompaniyasi g‘olib bo‘lgan. Mahsulot yetkazib berish 1 699 423 AQSh dollariga (o‘sha kungi so‘mdagi nisbati 13 238 845 054 so‘m 6 tiyin) baholangan.

Yuqoridagi holatlarga izoh olish uchun avvaliga kompaniya xodimlaridan birining Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi profiliga xabar jo‘natdik. Xodim hozirda firma ishlari ko‘pligi, boshlig‘i turli majlislarda yurgani va jo‘natilgan savollarga tez kunda javob yo‘llanishini aytdi. Savollarni saytda ko‘rsatilgan pochtaga jo‘natdik. Hadeganda javob bo‘lavermagach, xatni o‘z qo‘limiz bilan kompaniyaning Toshkent shahri Oybek ko‘chasi 38-uyda joylashgan ofisiga olib borib berdik. Firma rahbari hali ham ishlar bilan bandga o‘xshaydi, ularning javoblarini kutmoqdamiz.

Tender komissiyasi bayonnomasida buyurtmachi va g‘olib kompaniya – Infinecom LLC o‘rtasida mahsulot yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolanishi tavsiya qilingan. Bodi-kameralar bilan bog‘liq barcha holatlar yuzasidan Ichki ishlar vazirligidan izoh olishga urindik. Hanuz yetarli javob ololmadik, Kun.uz hozircha voqealar rivojini kuzatadi, deya maqolaga yakun yasalgan.

O‘QING: Yashirin kamera o‘rnatilgan: ijara kvartiralarida yoki mehmonxonalarda yashirin kamerani qanday topsa bo‘ladi?

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.