Bu smartfon ko‘l tubida 2 hafta yotganidan so‘ng ham ishlayverdi!

  •   DiMaX
  •  2651
  •  12.06.2018 17:08

Bu smartfon ko‘l tubida 2 hafta yotganidan so‘ng ham ishlayverdi!

Ayrim smartfonlarning korpuslari turli himoya standartlariga ko‘ra muhofaza etilgan bo‘ladi. Lekin amalda-chi, ular qiyin sharoitlarda «jon saqlay» oladimi?

O‘QING: Sensatsiya: LG G6 bir sutka muz ichida «jon saqladi»!

iPhone Hacks saytining yozishicha, shu kunlarda qiziq voqea kuzatilgan: naq ikki hafta suv ostida qolib ketgan iPhone X yana ishlab ketgan!

Keling, bir boshdan boshlasak: YouTube’dagi videobloger – «Man + River» kanali muallifi suv tubini videotasvirga tushirib yuradi. Aniqrog‘i – u turli yo‘qolgan narsalarni suv ostidan izlash yo‘nalishida videolavhalar tayyorlab, o‘z kanaliga joylab boradi.

Shunaqa lavhalardan navbatdagisini tayyorlash jarayonida u ko‘lning tubida yotgan kumushrang iPhone X smartfonini topib oladi. Keyinroq ma’lum bo‘lishicha, o‘sha yerda u ikki haftadan buyon yotgan bo‘lgan. Videobloger ayfonning to‘liq qurishini uch kun kutadi, so‘ng esa uni yoqsa – ishlab ketadi!

O‘QING: Smartfon suvga tushib ketdi. Endi nima qilamiz?

Videobloger smartfonning egasi Alisa ismli qiz ekanini aniqlaydi va unga qo‘ng‘iroq qilib, bu topilma haqida xabar beradi. Smartfoni topilganini aytishganida, Alisaning qalbi ham quvonch, ham hayratga to‘ladi – undan umidini uzib bo‘lgan ekan. Ayfoni hamon ishlayotganini eshitib esa battar yoqasini ushlaydi – axir, iPhone X ikki hafta suv tagida «jon saqlab» qolishidan umid qilish ham qiyin-da! Aytishiga qaraganda, devaysning xotirasida Alisaning bolalik suratlari ham saqlanayotgan ekan; ularning omon qolganiga quvonganini aytmaysizmi...

Mana, ushbu voqea haqidagi videolavhani birga ko‘ramiz:

Ta’kidlash kerakki, iPhone X modelining korpusi IP67 standartiga ko‘ra suv va chang kirishidan muhofaza etilgan. Bu shuni anglatadiki, mazkur qurilma bir metrgacha chuqurlikdagi suv tagida 30 daqiqagacha turganida ham o‘z ish qobiliyatini yo‘qotmaydi. Lekin yarim oy ko‘l tubida yotib ham yana ishlab ketishi – kutilmagan holat.

O‘QING: Suv va changdan qo‘rqmaydigan, ko‘p funksiyali Ulefone Armor X smartfonini 120 dollarga oling! (+video)

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!