Chrome’ga reklamani bloklash funksiyasi qo‘shiladi

  •   DiMaX
  •  2509
  •  20.04.2017 16:14

Chrome’ga reklamani bloklash funksiyasi qo‘shiladi

Google kompaniyasi Chrome brauzerining mobil va desktop versiyalariga reklamani cheklash (bloklash) funksiyasini qo‘shishga qaror qildi. Wall Street Journal nashrining yozishicha, brauzerning ichki cheklovchisi foydalanuvchilarga veb-sahifalarni bemalol ko‘rishga xalaqit beradigan reklama e’lonlarini ushlab qoladigan bo‘ladi.

Nashr manbalarining ta’kidlashicha, yangi funksiya yaqin bir necha hafta ichida rasman taqdim etiladi. Hozir ishlab chiquvchilar bloklovchining ishini tekshiruvdan o‘tkazishyapti hamda reklamani tanib olish algoritmlarini oxiriga yetkazishyapti.

Avvalroq kuchli ta’sirga ega Coalition for Better Ads tashkiloti (Google kompaniyasi ham uning tarkibiga kiradi) internetdagi reklamalar mos kelishi shart bo‘lgan standartlar ro‘yxatini e’lon qilgan edi. Aftidan, yangi bloklovchining filtrlari aynan mana shu tavsiyalarni inobatga olgan holda sozlangan bo‘ladi.

Ko‘pchilikni hayron qoldiruvchi jihat shundaki, o‘z daromadining asosiy qismini aynan reklamalardan oluvchi Google kompaniyasi o‘z brauzeriga reklamani cheklovchi jihoz qo‘shayotir. Biroq bundoq o‘ylab qaralsa, bu tamoman mantiqli qadam.

Chet bloklovchilarning keng tarqalishi shunga olib keldiki, qaysi e’lonlar ko‘rsatilishiyu qaysilari ushlab qolinishini shu cheklovchini ishlab chiquvchilar hal etadigan bo‘lishdi. Hatto Google ham o‘z reklama e’lonlarini cheklamasligi uchun Adblock Plus yaratuvchisi – Eyeo GmbH kompaniyasiga haq to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Endi Google o‘z cheklovchisini chiqargach, foydalanuvchiga nimani ko‘rsatishu nimani ushlab qolish uning o‘z qo‘lida bo‘ladi. Bundan tashqari, kompaniya bu bilan boshqa bloklovchilarga kuchli zarba beradi. Foydalanuvchilar Chrome’ning o‘ziga o‘rnatilgan filtrlarni afzal ko‘rgan holda, boshqa cheklovchilarni o‘rnatishdan voz kechishiga kompaniyadagilarning ishonchi komil.

Google «Agarda hodisani yenga olmasang, unga yetakchilik qil» degan tamoyilga amal qilayotir.

Biz esa saytimiz muxlislariga, Chrome’ga reklamani bloklash funksiyasi qo‘shilguniga qadar, iOS va Android smartfonlarida reklamadan butkul xalos bo‘lish usullari hamda kompyuterda reklamalardan birato‘la qutulish yo‘llaridan foydalanib turishlarini tavsiya etamiz.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!