COVID-19 global smartfon savdosiga qanchalik ta’sir qilgani aniqlandi

COVID-19 global smartfon savdosiga qanchalik ta’sir qilgani aniqlandi

Global Gartner tomonidan o‘tkazilgan eng so‘nggi sanoat tadqiqoti joriy yilning birinchi choragidagi smartfon savdolariga e’tibor qaratdi.

Xabaringiz bor, COVID-19 yil boshidan buyon butun dunyo miqyosida katta talafotlarga sabab bo‘lib kelmoqda, global miqyosda ishlab chiqarish va savdolar keskin kamaygan.

Iste’molchilar hayot uchun birinchi darajali muhim bo‘lmagan mahsulotlarga bo‘lgan xarajatini kamaytirgani bois smartfonlarga bo‘lgan talab ham keskin tushib ketgan.

Shunga muvofiq, o‘tkazilgan tadqiqot natijalaridan ma’lum bo‘lishicha, 2020-yilning birinchi choragida smartfon savdolari yillik 20.2% pasayishga uchragan. Eng ko‘p smartfon sotgan 5 kompaniya Samsung, Huawei, Apple, Xiaomi va Oppo bo‘lgan. Shular orasida faqatgina Xiaomi yillik o‘sishga erishgan, ammo uning ko‘rsatkichlari ham atigi 1.4% ni tashkil qiladi, xolos.

Samsung esa birinchi chorakda 55 million dona smartfon sotgan. Vaholanki, o‘tgan yilning mos davridagi sotuvlar 71 million dona edi. Huawei esa 42 million (o‘tgan yili 58 million edi) dona, Apple 40 million (o‘tgan yili 44 million edi) smartfon sotishga erishgan. Huawei'ning yillik ko‘rsatkichi eng past bo‘lsa ham, kompaniya sotuvlar miqdori bo‘yicha ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

«O‘z mijozlariga onlayn do‘konlari orqali xizmat ko‘rsata olish imkoniyatiga ega bo‘lgani va ishlab chiqarish mart oyi oxiriga borib avvalgi holatga kela boshlagani sababli Apple yil boshidagi ijobiy ko‘rsatkichlarni qayta tiklay oldi. Kompaniya yilni juda ijobiy boshlagan edi. Agar COVID-19 pandemiyasi sodir bo‘lmaganda, Apple savdolari rekord darajaga yetgan bo‘lardi. Ta’minot zanjiridagi uzilishlar va iste’molchilar talabining tushib ketgani kompaniyaning fevral oyidagi ijobiy holatini barbod qildi», deya tushuntiradi Gartner'ning tadqiqotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Annett Zimmermann.

Huawei'ning esa pandemiyadan keyin ham tiklanishi qiyin kechadi. Ishlab chiqarish va savdolarning kamayishi yetmaganday, AQShning taqiqi ham kompaniyaga katta zarba bo‘lishda davom etadi. Xabaringiz bor, Qo‘shma Shtatlar hukumati xitoylik kompaniyaning Amerika biznes tashkilotlari bilan hamkorlik qilishini taqiqlab qo‘ygan. Shuning uchun, kompaniya Google Play litsenziyasidan mahrum bo‘lgan va o‘z qurilmalarini, Google xizmatlari o‘rniga, HMS (Huawei Mobile Services) bilan jihozlamoqda.

Gartner'ning to‘liq hisoboti bilan tanishib chiqish uchun, mana bu yerga bosing.

O‘QING: 7 iyungacha Xiaomi va Redmi smartfonlarini yanada arzon olish imkoni bor!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!