Dumaloq displeyli ilk smartfon – Meizu X2 suratlari tarqaldi

  •   DiMaX
  •  1452
  •  23.10.2017 10:24

Dumaloq displeyli ilk smartfon – Meizu X2 suratlari tarqaldi

Meizu kompaniya smartfonlarning turli formfaktorlari ustida tajribalar o‘tkazib charchamayapti. Uning navbatdagi qurilmasi ikkita ekranli bo‘lib, ulardan bittasi orqa panelda, kamera ostida joylashgan, deb yozadi GizmoChina.

Kuni kecha internetga «sizib chiqqan» ma’lumotlar – Meizu X2 suratlari bizga shu paytgacha ko‘rilmagan qiyofadagi smartfonni namoyon etadi.

Mazkur ishlab chiqaruvchi joriy yilning iyuni oxirida o‘zining ikki ekranli ilk smartfoni – Pro 7 hamda uning «kuchaytirilgan» talqini – Pro 7 Plus modellarini taqdim etgan edi. Ularda to‘rtburchak shaklli qo‘shimcha ekran smartfonning orqasida, kameraning tagidan o‘rin olgan. Bu displey vaqtni va bildirishnomalarni ko‘rsatib turish, shuningdek, asosiy kamerada selfi olish paytida tasvirni aks ettirish uchun qo‘llanadi.

Kompaniyaning endi taqdim etiladigan navbatdagi smartfoni – Meizu X2 ham ikkita displeyga ega, ammo ulardan biri doira shaklida bo‘ladi. Bu devays hamyonbop smartfonlar qatoriga mansub, shunga yarasha, uning ikkinchi ekrani Meizu Pro 7’nikidan ko‘ra kamroq funksiyalarga ega bo‘lsa kerak. Hatto u rangli emas, balki oq-qora bo‘lishi ehtimoli yuqori.

Meizu X2 gadjetiga hamyonbop Helio X25 protsessori o‘rnatilgan. Uning tezkor xotirasi 3 yoki 4 gigabayt hajmga ega bo‘lishi kutilmoqda. Bu smartfon haqida hozircha shundan boshqa ma’lumot chiqmagan.

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!