Dunyodagi eng mitti telefon taqdim etildi (+video)

  •   DiMaX
  •  2872
  •  16.12.2017 10:50

Dunyodagi eng mitti telefon taqdim etildi (+video)

«Aqlli» funksiyalari ko‘p bo‘lgan smartfonlardan tashqari, oddiygina tugmachali telefonlar ham hozirgacha yirik miqdorda ishlab chiqarilmoqda va katta talab bilan sotilmoqda. Hatto shu oddiy «trubka»larda ham dizayn va funksiyalar borasida turli tajribalar qilib turishadi. Jumladan, Clubit New kompaniyasi eng ixcham mobil telefon – Zanco Tiny T1 modelini taqdim etdi, deb yozadi Hi-Tech Mail.Ru.

O‘QING: Ixcham smartfonlar: «Kichkina demang bizni…»

Zanco Tiny T1 telefoni orqali qo‘ng‘iroq qilish, SMS-xabar yozish mumkin – bori shu. Hech qanaqa ilovalar, interneta, kalendar va boshqa funksiyalari ham yo‘q. Zanco Tiny T1 to‘laqonli klaviaturaga va mittigina – 12,5 millimetr keladigan monoxrom ekranga ega. Qurilmaga bittagina nanoSIM-karta qo‘yish mumkin va faqatgina 2-avlod uyali aloqa tarmog‘ida ishlaydi.

Eng qizig‘i – telefonning kichkinaligida. Axir, Zanco qurilmasi o‘lchamlari bor-yo‘g‘i 46,7x21x12 millimetrni tashkil etadi, vazni esa atigi 13 grammga teng. Akkumulyatorining quvvati kutish rejimida uch kunga, suhbatlashishda esa 180 daqiqaga yetadi, u microUSB porti orqali quvvat oladi.

O‘QING: Dunyodagi eng mitti smartfondan qanday foydalanamiz (fotojamlanma)

Zanco Tiny T1 telefonining texnik xususiyatlari ham kulgili:

  • 300 ta kontakt sig‘adigan «kitobcha»si bor;
  • 50 ta SMS-xabar va so‘nggi 50 ta qo‘ng‘iroqnigina aks ettira oladi;
  • 32 megabayt tezkor va 32 megabaytlik ichki xotira;
  • 13 ta ringtoni bor.

Mitti telefonni quyidagi videoda tomosha qiling:

Mazkur telefon bor-yo‘g‘i 30 funt (40 AQSh dollariga yaqin) turadi. Bu loyiha Kickstarter saytiga qo‘yilgan va 33,5 ming dollar yig‘ishi rejalashtirilgan. Shundan hozirgacha to‘plangani 9 ming dollar bo‘lib, kompaniya bu loyihaning muvaffaqiyatiga ishonmoqda.

Xo‘sh, siz-chi, shunaqa telefon olgan bo‘larmidingiz?

O‘QING: «Malika»da hamyonbop Nokia telefonlarining so‘mdagi narxlari (2017 yil 3 oktyabr)

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!