Ehtiyot bo‘ling, farzandingiz ilovalarning nishonida!

Ehtiyot bo‘ling, farzandingiz ilovalarning nishonida!

Mobil ilovalar va o‘yinlar ishlab chiqaruvchilar o‘rtasidagi kurash yangicha, jumladan noinsoniy g‘oyalarga to‘la ilovalarning yaratilishiga ham olib kelmoqda. Jumladan, bugun G‘arbda keng ommalashayotgan o‘yin ko‘rinishidagi plastik jarrohlik hamda suratlarni tahrirlash ilovalari jamoatchilikni tashvishga solmoqda. Jumladan, Buyuk Britaniyaning biologik axloq masalalari bilan shug‘ullanuvchi Nuffield Council on Bioethics tashkiloti bunday ilovalarning salbiy jihatlarini “urib” chiqdi.

Gap shundaki, bu ilovalar asosan kichik yoshdagi foydalanuvchilarga mo‘ljallangan. Ko‘p hollarda ulardan 8-12 yoshli bolalar foydalanishmoqda. Bu “qiziqarli” o‘yinlarda foydalanuvchi o‘yin qahramonining xohlagan tana a’zosini kesishi, chopishi, o‘zgartirishi, uzib olishi mumkin. “Go‘zallik klinikasi”, “Shahzodaning plastik jarrohlik amaliyoti”, “Jajji teri shifokori” kabi yosh bolalar o‘rtasida jarrohlik amaliyotining jozibador ekanini targ‘ib qilmoqda.

O‘yinni o‘ynash chog‘ida bolalar inson yuzini xohlagancha bejab, go‘zallashtirish uchun uning ustida xohlagan virtual jarrohlik amaliyotni o‘tkazadilar. Misol uchun, inson tanasini jarrohlik yo‘li bilan yog‘lardan tozalash, lablarni shishirish, burunni kichraytirish, yuzdagi terini ko‘chirish va hokazo.

Manchester Antropologiya universiteti professori Jinet Edvardsning fikricha, bu kabi ilovalar bolalar ruhiyatiga salbiy ta’sir qilib, plastik jarrohlikni targ‘ib qilmoqda. Natijada, G‘arb jamiyatida voyaga yetmagan qizlar o‘rtasida hayotini xavf ostiga qoldirib, biologik jihatdan o‘zgarishlarni afzal ko‘ruvchilar va buning oqibatida hayotdan ko‘z yumayotganlar soni ortib bormoqda.

Qolaversa, ota-onalar e’tiboridan chetda qolayotgan yana bir tur ilovalar bor: inson yuziga oro berish yoki qahramonni kiyintirishga bag‘ishlangan ilovalar. Ularning aksariyatida qahramonlar yarim-yalang‘och holatda gavdalanadi. Ruhshunoslarning fikricha, bunday ilovalar bolani hayosiz, mol-dunyoga ruju qo‘yib ulg‘ayishiga sabab bo‘lar ekan.

Shunday ekan, biror ilovani farzandingiz qo‘liga tutqazishdan avval uning bola kelajagi va ruhiyatiga qanday ta’sir qilishini inobatga oling.

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!