EKSKLYuZIV VIDEO: eng innovatsion va rekordchi romsiz smartfonni tajribada tirnab, yondirib, bukib ko‘rishdi

  •   DiMaX
  •  979
  •  16.07.2018 11:37

EKSKLYuZIV VIDEO: eng innovatsion va rekordchi romsiz smartfonni tajribada tirnab, yondirib, bukib ko‘rishdi

Yaqinda taqdim etilgan Vivo Nex S smartfoni bir qator yangicha innovatsiyalarni o‘zida jamlagan. Jumladan, uning barmoq izi skaneri hamda so‘zlashuv dinamigi mutlaqo romsiz ekranning o‘ziga joylangan, old kamerasi esa korpus ichiga yashirilgan.

O‘QING: Eng innovatsion, rekordchi romsiz va yana bir qator texnologiyalarda yetakchi Vivo NEX smartfonlari taqdim etildi! (+video)

Tabiiyki, yangicha konstruksiyaga ega smartfonning chidamliligi qay darajada ekanligi kishini o‘ylantiradi. Baxtimizga, yangi qurilmalarni o‘z drop-testlarida sinab ko‘rib, bu kabi xavotirlarning qanchalik asosli ekanligini aniqlashtiruvchi videoblogerlar bor.

Jumladan, JerryRigEverything nomli mashhur YouTube-kanal muallifi Zak Nilson bu boradagi bir qator tajribalari bilan tanilgan. Vivo Nex S smartfonining sinovi aks etgan ilk videolavhani ham u taqdim qildi:

Korpusning yuqori qirrasidan surilib chiquvchi selfi-kamera – Vivo Nex S modelining asosiy o‘ziga xosligidir. Aynan shu mexanizmning mustahkamligi ko‘proq xavotirlarga sabab bo‘ladi. Videobloger Zak Nilson uning ustida tajriba o‘tkazib ko‘rib, korpusdan chiqqan payti ham kamera mahkam ekanini aniqladi. Agarda bu mexanizm ustiga ozroq bosilsa, yana qaytib chiqar; qattiqroq bosilsa – korpus ichiga «yashirinib» olar ekan.

Shuningdek, boshqa birorta smartfonda uchramaydigan yondashuv – Vivo Nex S so‘zlashuv dinamigi ham ekran ostiga joylangan. JerryRigEverything kanali muallifi uning ovoz balandligini ham tekshirib ko‘rgan. Mazkur innovatsion dinamik taqqoslab ko‘rilganida, iPhone 8’dagi an’anaviy dinamikdan ko‘ra pastroq ovoz chiqarishi aniqlangan.

O‘QING: Dinamiksiz smartfon: u qanday bo‘ladi?

Vivo Nex S innovatsiyalaridan yana biri – displey ostiga joylangan daktiloskopik datchikdir. Tajribadan ko‘ramizki, ekran usti tig‘ bilan chizib tashlangan taqdirda ham barmoq izi skaneri muammosiz ishlayveradi.

An’analardan chekingan holda, Vivo Nex S modelida SIM-kartalar uyachasi korpusning pastki qirrasiga o‘rnatilgan. Uni chiqarish tirqishchasini mikrofon bilan adashtirib yuborish ham hech gapmas. Aynan shuning uchun ham smartfonning mikrofoni tirqishning ichida odatdagidan boshqacharoq – burchak ostida o‘rnatilgan. Ya’ni, adashib unga ignani tiqib yuborsangiz ham mikrofonni shikastlab qo‘yishingiz qiyin.

Zak Nilson ushbu smartfonning ekraniga olov tutib, korpusini bukishga urinib ham ko‘rgan va Vivo Nex S bu jihatlariga ko‘ra ham mustahkam ekanligiga ishonch hosil qilgan.

O‘QING: S9 "kushandasi" -- Vivo NEX Rossiyada sotila boshlaydi