Eksklyuziv video: iPhone X’ni 300 metrlik balandlikdan tashlasa nima bo‘ladi?

  •   DiMaX
  •  2051
  •  10.11.2017 11:26

Eksklyuziv video: iPhone X’ni 300 metrlik balandlikdan tashlasa nima bo‘ladi?

Ishqibozlar flagmanlar ustida turli drop-testlar o‘tkazib ko‘rishlaridan xabaringiz bor. UnlockRiver servisi xodimlari iPhone X mustahkamligini qaltis sinovdan o‘tkazib, uning videotasvirini YouTube-kanaliga joylashdi.

O‘QING: iPhone X: Qo‘lingizdan tushib ketsa, o‘zingizni kechirmaysiz!

Apple’ning «yubiley ayfoni» ustida o‘tkazilgan oddiy drop-testlarda u o‘zining ancha pishiq ekanligini namoyish etgan. Odam bo‘yi balandlikdan qirrasi bilan ham, ekranini yerga qaratib ham tashlab ko‘rishganida, iPhone X darz ketmagan.

O‘QING: Eksklyuziv video: iPhone X va iPhone 8’ni betonga tashlab sinab ko‘rishdi!

Xo‘sh, uni qush parvozi balandligidan tashlab ko‘rsa-chi, nima bo‘lar ekan? Parcha-parcha bo‘lib ketadi, deysizmi? Tajriba o‘tkazuvchilar ham avvaliga shunday o‘ylashgandi...

Xullasi kalom, UnlockRiver servisi xodimlari iPhone X’ni dron yordamida 300 metr yuksaklikka ko‘tarib, tashlab yuborishdi. Smartfon beton yuzaga tushib, sakrab ketdi. Uni qo‘lga olib, tekshirib ko‘rishganida esa displeyi bus-butun, kamerasi videotasvirga olishni to‘xtatmagan edi! Orqa paneli darz ketib singanini aytmasa, «yubiley ayfoni» hech narsa bo‘lmagandek, to‘laqonli ish faoliyatini davom ettirardi.

Mana, yaxshisi, o‘zingiz tomosha qilaqoling:

Aftidan, smartfonning qismlarini birlashtirib turuvchi ichidagi romi alyuminiydan emas, balki ancha mustahkam jarrohlik po‘latidan yasalgani uning ushbu sinovdan muvaffaqiyatli o‘tishiga yordam bergan.

Xabaringiz bor, avvalroq iPhone 8 Plus va Pixel 2 XL’ni betonga tashlab ko‘rishganining, iPhone 8 Plus va Galaxy Note 8’ni betonga tashlab sinashganining, shuningdek, Galaxy S8 hamda iPhone 7 modellari betonga tashlab ko‘rilgan sinovning videolavhalarini ham e’lon qilganmiz. Shuningdek, LG V30, Nokia 8, Galaxy Note 8, Nokia 3310 (2017), HTC U Ultra Sapphire Edition va iPhone 7 singari telefonlar ustida tig‘ va olov yordamida o‘tkazilgan tajribalar haqida ham yozganmiz.