Energizer rekordchi smartfon taqdim etdi: quvvati naq oltita iPhone XS Max bilan teng!

  •   DiMaX
  •  2455
  •  15.02.2019 11:54

Energizer rekordchi smartfon taqdim etdi: quvvati naq oltita iPhone XS Max bilan teng!

Avenir Telecom kompaniyasi Energizer brendli akkumulyator va turli quvvat saqlagichlari bilan mashhur. Shuningdek, bu ishlab chiqaruvchi ayni shu brend ostida turli smartfonlar ham namoyish etib kelayotir.

O‘QING: MWC 2019 ko‘rgazmasida Energizer naq 26 modelda yangi telefon namoyish etmoqchi!

Uning kechagina rasman taqdim etilgan Energizer Power Max P18K Pop smartfoni hayratlanarli darajada sig‘imdor – naq 18 000 mA/soatlik akkumulyatori bilan maqtana oladi. Axir, bu – salkam oltita iPhone XS Max batareyasining tok sig‘imiga teng-da!

Kompaniya vakillarining ta’kidlashlaricha, to‘la akkumulyatorining quvvati bilan bu smartfon so‘zlashuv rejimida 90 soat ishlay oladi. Shuningdek, u 100 soat musiqa tinglashga yoki ikki kun video ko‘rishga ham yetadi. Kutish rejimida esa Energizer Power Max P18K Pop ellik kungacha quvvati tugamasdan tura oladi! Uning akkumulyatori 18 vattlik texnologiya orqali tezkor quvvatlanadi.

Energizer Power Max P18K Pop modelining ikkinchi o‘ziga xosligi esa korpusning yuqori qirrasidan chiquvchi qo‘shaloq selfi-kamerasidir. Unga o‘rnatilgan 16 va 2 megapiksellik ikkita optik datchik portret rejimida selfilar olishga imkon beradi. Smartfonning asosiy kamerasi esa 12 + 5 + 2 megapiksellik uchta ob’yektivni o‘z ichiga oladi.

Qolgan jihatlariga kelsak, bu smartfonning 6,2 dyuymlik romsiz ekrani 1080x2340 piksellik tasvir aniqligida. Uning «elektron yuragi» esa MediaTek Helio P70 chipi bo‘lib, 6/128 gigabaytlik tezkor/doimiy xotiraga ega.

Energizer brendining ushbu ishlanmasi Android operatsion tizimining eng so‘nggi – 9 Pie talqini bilan ta’minlangan. Smartfon korpusining o‘lchamlari 153x74,8x18 millimetrga teng. MWC 2019 ko‘rgazmasida keng ommaga rasman namoyish etilsa-da, Energizer Power Max P18K Pop faqat iyun oyiga boribgina savdoga chiqariladi. Uning narxi ham MWC 2019 tadbirida ma’lum qilinadi.

O‘QING: Bunaqasi bo‘lmagan: naq 16000 mA/soatlik akkumulyatorga ega smartfon!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.