Eng ilg‘or flagmanlar ringda: kameralar jangi

Eng ilg‘or flagmanlar ringda: kameralar jangi

CNET nashri kuni kecha iPhone 8 Plus hamda Samsung Galaxy Note 8 flagmanlari kameralarini video tasvirga olish bo‘yicha imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi va g‘olibni aniqladi.

Jurnalistlar sinovni avto-fokusning tezkorligi, ekspozitsiyani sozlash qobiliyati hamda rang-tus berish imkoniyatini o‘rganishdan boshlashdi. Ilk natijalarga ko‘ra, iPhone 8 Plus'da olingan tasvir raqibi olgan tasvirdan rang-tusga to‘yingani va tabiiyligi bilan ajralib turibdi. Texnik jihatdan esa Note 8 ustun kelib, suratni yorishitirib olishga ustaligini ko‘rsatdi. Biroq, bu mahorat tasvirning oqarib ketishiga sabab bo‘lmoqda.

Chap tomondagi suratlar Galaxy Note 8'da, o‘ng tomondagisi iPhone 8 Plus'da olingan. 

Fokusni berish borasida Note 8'ning tezkorligini kuzatish mumkin. Fokusning keskin almashishi fotosurat olishda ish bersa ham, videoda bu qobiliyat ba’zida pand beradi. iPhone 8 Plus'da fokusning o‘zgarishi o‘rtacha bo‘lgani hisobiga olingan video nisbatan kinematografik detallarga boy va taassurotli chiqadi.

Note 8 esa harakatli video tasvirga olishda ham o‘zining kuchli jihatini namoyish qildi. Bunda optik barqarorlashtirgich bilan o‘zaro hamkorlik va uyg‘un faoliyat ish beradi. Natijada, videodagi kadrlarning o‘tish silliqligi va ravonligi yuqori bo‘ldi.

iPhone 8 esa yorug‘lik eng past bo‘lgan sharoitlarda tengsiz "ko‘z"ga egaligini namoyish qildi. Misol uchun, qorong‘u sharoitda video tasvirga olish shartida iPhone olgan tasvir tabiiyroq va aniq-ravshan aks etgan.

«Note flagmanida suratga olishda uning AMOLED-dislpeyga egaligini unutmaslik kerak. Video tasvir rangi iPhone 8 Plus bilan solishtirganda unda to‘yingan va nisbatan yorqin aks etadi. Biroq, har ikkala flagman olgan videoni boshqa biror monitorda ko‘rsangiz, vaziyat o‘zgaradi va ayfon olgan suratlarning aniq-tiniqligi ma’lum bo‘ladi», – deb yoziladi CNET nashrida.

Eslatib o‘tamiz, iPhone 8 Plus bosh kamerasiga 2 ta 12 megapikselli sensor o‘rnatilgan. Ulardan biri 1.8, boshqasi 2.8 hajmli yorug‘lik linzasiga ega bo‘lgan. Undagi avtofokuslash, rang-tus berish va barqarorlashtirish funksiyalari takomillashgan. Har ikkala sensor optik barqarorlashtirish tizimiga ega. Xuddi Note 8 kabi!

Kamera va chip hamda yangicha akselerometr sensori, shuningdek ilg‘or dastur yordamida sekundiga 60 kadrli video tasvirni uzatish imkonini beradi. Bu esa real voqelik o‘yinlarini o‘ynash uchun ayni muddao.