Eng yaxshi smartfon displeyi aniqlandi va bu...

  •   DiMaX
  •  3041
  •  29.08.2017 18:45

Eng yaxshi smartfon displeyi aniqlandi va bu...

DisplayMate Technologies – turli smartfonlarning displeylarini laboratoriya sharoitlarida testdan o‘tkazib, ularning sifatiga o‘z bahosini beruvchi kompaniyadir. Uning bergan baholari adolatli bo‘lib, uning testlari natijalariga asoslangan holda yangi gadjetlarning ekranlari haqida xolis tasavvur hosil qilish mumkin.

Kuni kecha mazkur kompaniya Samsung kompaniyasining yaqinda taqdim etilgan Galaxy Note 8 fabletini tekshiruvdan o‘tkazdi. Qizig‘i, mazkur qurilma DisplayMate’ning mezonlari bo‘yicha eng yuqori ball to‘plab, «A+» bahosini oldi. Bu – butun mobil qurilmalar tarixidagi eng yuksak bahodir!

Samsung Galaxy Note 8’ning displeyi diagonali 6,3 dyuym, sifati QHD+ (2960 x 1440 nuqta), piksellar zichligi esa 521 ppi’ga teng. Ekran tomonlarining o‘zaro nisbati 18,5:9 ga teng.

DisplayMate mutaxassislari u haqda, jumladan, shunday deyishgan:

«Subpikselli rendering hamda Diamond Pixel matritsasi tuzilishi evaziga o‘ta yuqori aniqlikdagi displey yaratilgan. Bu – biz shu paytgacha testdan o‘tkazib ko‘rgan barcha displeylar orasida eng innovatsion va yuqori sifatli mobil displeydir».

Galaxy Note 8 displeyining eng asosiy xususiyatlaridan biri uning o‘ta yuqori yorqinlikka egaligidir. Yorqinlik o‘lchov birligi – nit bilan ifodalaganda, 1200 nitga teng. Taqqoslash uchun: hatto Galaxy S8 hamda S8 Plus modellarining displeylari yorqinligi ham 1000 nit, ya’ni Note 8 ko‘rsatkichidan 200 nitga pastdir.

Shuningdek, Note 8 fabletiga UHD Alliance’ning HDR Premium sertifikati ham berilgani ko‘pchilik uchun hayratlanarli voqea bo‘lgan. Axir, mazkur sertifikat odatda premium toifasidagi 4K UHD-televizorlarga beriladi-da. DisplayMate mutaxassislarining ta’kidlashlaricha, Galaxy Note 8 qurilmasining OLED-paneli qora rangni ideal darajada yetkazib bera oladi. Devaysning videoprotsessori esa oddiy mediakontentni shunaqa tarzda qayta aks ettira oladiki, uni HDR kontentga moslashtirilgan tasvir bilan bemalol taqqoslash mumkin.

Eslatib o‘tamiz, bungacha Samsung Galaxy Note 8 fabletining protsessori ham sinovdan o‘tkazilgan edi.

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!