Eng yirik xalqaro forumda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» milliy strategiyasi e’tirof etildi

  •   DiMaX
  •  501
  •  18.05.2019 09:29

Eng yirik xalqaro forumda «Raqamli O‘zbekiston – 2030» milliy strategiyasi e’tirof etildi

Sankt-Peterburg shahrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining turli sohalarida huquq rivojlanishining tendensiyalariga qaratilgan IX Peterburg xalqaro yuridik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Bu xususda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi xabar berayotir.

O‘QING: O‘zbekiston kiber xavfsizlik bo‘yicha yirik konferensiya o‘tkaziluvchi davlatlar qatoridan joy oldi

Xabarga ko‘ra, tadbirda Rossiya Federatsiyasi Bosh vaziri D.Medvedev, BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari M.Bachelet, Microsoft korporatsiyasi vitse-prezidenti S.Kraun va boshqalar ishtirok etmoqda.

Mazkur forum doirasida «Biznes-aktivlarni tokenizatsiya qilish: afsona yoki haqiqat?» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi. Unda ilg‘or tajribani hisobga olgan holda biznes uchun normativ-huquqiy muhitni shakllantirishda tadbirkor va davlat manfaatlari o‘rtasida samarali muvozanatni izlash masalalari muhokama etildi.

Sessiyada ishtirok etgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi direktorining o‘rinbosari Pak Vyacheslav forum ishtirokchilarini O‘zbekiston Respublikasining axborot va kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi yutuqlari, AT-sektor uchun davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari bilan tanishtirdi.

U o‘z nutqida raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni joriy etish va rivojlantirish sohasida LBMAning roli va vazifalarini so‘zlab berdi.

O‘QING: O‘zbekistonda blokcheyn: biletlar savdosining yagona tizimi shu yil oxirigacha ishga tushadi!

Shuningdek, V.Pak kriptoaktivlar aylanmasini tartibga solish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalar va xalqaro tajribaning, shu jumladan, umumiy qabul qilingan xalqaro standartlarning mavjud emasligi raqamli iqtisodiyotning rivojlanishiga ma’lum darajada to‘sqinlik qiluvchi omil ekanini ta’kidladi.

Forum global ijtimoiy-iqtisodiy vazifalar doirasida dolzarb huquqiy masalalarni muhokama qilish uchun yaratilgan maydon hisoblanadi. Forum ishida har yili Rossiya va xorijiy davlatlardan yuqori mansabdor shaxslar, iqtisodiyot va xalqaro munosabatlar sohasidagi jahonning yetakchi ekspertlari, dunyoning yirik kompaniyalarining yuridik bo‘linma rahbarlari, xalqaro yuridik hamjamiyat vakillari ishtirok etadi.

Qayd etish joizki, mazkur soha doirasidagi dunyoning eng yirik xalqaro forumi ishtirokchilari yurtimizning «Raqamli O‘zbekiston – 2030» Milliy strategiyasini ishlab chiqish borasidagi ishlarini yuksak baholadilar.

O‘QING: Shavkat Mirziyoyev: O‘zbekiston to‘liq raqamli iqtisodiyotga o‘tadi!