Eski ilovalar App Store'dan ham olib tashlanadi!

Eski ilovalar App Store'dan ham olib tashlanadi!

Apple o'zining ilovalar do'konidagi anchadan beri yangilanmagan o'yinlar va dasturlarning egalariga "Ilovalarni yaxshilash bo'yicha eslatma" xabarini elektron pochta orqali yubormoqda. Unga ko'ra, dasturchilar o'z ilovalarini 30 kun ichida yangilamasalar ularning ilovalari App Store'dan olib tashlanadi.

“Siz ushbu ilovani yangi foydalanuvchilar qidirib topishlari va yuklab olishlari uchun 30 kun ichida yangilash orqali App Store doʻkonida saqlab qolishingiz mumkin. Agar 30 kun ichida hech qanday yangilanish yuborilmasa, ilova sotuvdan oʻchiriladi.”, deb yozadi Apple o'zi yuborgan xatda.

Ma'lum bo'lishicha, eskirgan ilovalarning App Store'dan olib tashlanishi, ularni avval yuklab olgan foydalanuvchilarga ta'sir qilmaydi va ular ilovadan foydalanishni davom ettirishlari mumkin bo'ladi.

Protopop Games ishlab chiqaruvchisi Robert Kabve kabi bir qator dastur ishlab chiqaruvchilari bu o'zgarishga o'z xavotirlarini bildirdilar. Kabvening Twitter’da aytishicha, Apple uning to‘liq ishlaydigan Motivoto o‘yinini 2019-yil mart oyidan beri yangilanmagani uchun olib tashlashi mumkin ekan: "Men o'zimni yomon his qilyapman. Apple menga hozirgina elektron pochta xabarini yubordi, ular mening bepul Motivoto o'yinimni olib tashlashyapti ekan, chunki unga 2 yil bo'lgan. Bu yaxshi emas. 2000-yildagi konsol o'yinlari hali ham sotuvda. Bu ishlab chiqaruvchilar uchun adolatsiz to'siqdir."

Dasturchi Emilia Lazer-Uolker ham Apple uning bir nechta eski o'yinlarini o‘chirib tashlayotganini aytgan: "O'yinlar tugallangan narsalar sifatida mavjud bo'lishi kerak! Ushbu bepul loyihalar yangilanishlar yoki jonli xizmat uchun mos emas, ular yillar oldin tugallangan san'at asarlaridir."

Bir nechta boshqa iOS dasturchilari ham xuddi shunday voqea haqida izohlar qoldirishgan va ular o'zlarining ilovalarini yangilashga vaqtlari yo'qligini ta'kidlashgan.

Apple o'zining "App Store yaxshilanishlari" sahifasida: “Biz endi moʻljallanganidek ishlamaydigan, joriy yoʻriqnomalariga amal qilmaydigan yoki eskirgan ilovalarni oʻchirish boʻyicha davom etayotgan jarayonni amalga oshirmoqdamiz”, deydi kompaniya.

Shu oyning boshlarida Google ham o'zining Play Store ilovalar do'konidan so'nggi ikki yildagi API darajasiga yangilanmagan ilovalarni yashirib qo'yishini aytib, dasturchilarga 2022-yil 1-noyabrgacha vaqt bergan edi.

O'QING: Google Play'da tozalash ishlari olib boriladi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!