Google Play'da tozalash ishlari olib boriladi

Google Play'da tozalash ishlari olib boriladi

Google Play ilovalar do‘konida millionlab o‘yinlar va ilovalar mavjud, lekin ular orasida eskirganlari ham yo‘q emas. Afsuski, Android'ning eski versiyalari uchun mo‘ljallangan va anchadan beri yangilanmagan ilova va o‘yinlar yangi avlod operatsion tizimi bilan keladigan xavfsizlik va maxfiylik xususiyatlariga ega emas.

Shu yilning 1-noyabridan boshlab Google o‘zining yangi siyosatini ishga tushirishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, Google Play'ga yangi joylanadigan ilovalar yoki yangilanishlar so‘nggi Android versiyasining bir yilgacha orqadagi API darajasini qo‘llab-quvvatlashi kerak, aks holda ular ilovalar do‘koniga joylanmaydi.

Google Play'da avvaldan mavjud bo‘lgan dastur va o‘yinlar esa Android'ning hech bo‘lmaganda ikki yil orqadagi API versiyasiga yangilangan bo‘lishi kerak, yo‘qsa dasturchilarning ilova yoki o‘yinlari platformadan va qidiruv tizimidan yashirib qo‘yiladi (o‘chirib yuborilmaydi).

Garchi foydalanuvchilar eskirgan ilova yoki o‘yinning aniq nomini bilsalar ham uni qidirib topa olmaydilar. Shuni ham ta’kidlash kerakki, eskirgan ilova va o‘yinlarning yashirilishi faqat ilgari ularni hech o‘rnatib ko‘rmagan yangi foydalanuvchilar uchun amal qiladi.

"Eng so‘nggi qurilmalarga ega foydalanuvchilar yoki Android'ning oxirgi versiyasiga yangilanganlar taqdim etiladigan barcha maxfiylik va xavfsizlik himoyalarining to‘liq imkoniyatlaridan foydalanishni kutishadi. Maqsadli darajadagi API talablarimizni kengaytirish esa foydalanuvchilarni ushbu himoyalarga ega bo‘lmagan eski ilovalarni o‘rnatishdan himoya qiladi.", deyiladi kompaniya e’lonida.

Yaxshi xabar shundaki, Google Play'dagi ilovalarning aksariyati allaqachon ushbu standartlarga amal qiladi.

O‘QING: Galaxy S9 va S9 Plus yo‘l oxiriga kelishdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.