Galaxy A21s taqdim etildi – Android 10 tizimli avtonomlik monstri!

  •   DiMaX
  •  5271
  •  15.05.2020 18:13

Galaxy A21s taqdim etildi – Android 10 tizimli avtonomlik monstri!

Samsung nihoyat o‘rta narxli turkumga mansub Galaxy A21s smartfonini rasman namoyish etdi. Ya’ni, uning uchun onlayn konferensiya ham uyushtirib o‘tirmasdan, shunchaki barcha ma’lumotlarini rasmiy matbuot-saytida e’lon qildi.

O‘QING: Rasmiy video kutilayotgan «beli baquvvat» va hamyonbop Galaxy A21s’ning ayrim jihatlarini ko‘rsatdi

Ushbu model yangi urfdagi dizaynga va Android 10 operatsion tizim talqini ustiga qurilgan One UI 2.0 grafik qobig‘iga ega. HD+ formatidagi (720x1600 piksellik) ekrani Infinity-O turiga mansub – 13 megapiksellik selfi-kamera uchun tirqish o‘yilgan. Old kamera jamlanmasiga esa 48 + 8 + 2 + 2 MPlik sensorlar va fotochaqnoq kiradi. Uning asosiy afzalliklaridan biri – 15 vattlik tezkor zaryadlana oluvchi 5 000 mA/soatlik akkumulyatoridir.

Samsung uning protsessori 8 yadroli ekanini ma’lum qilgan, ammo modelini aniq aytmagan. Aftidan, bu o‘sha yangi – Exynos 850 chipseti bo‘lsa kerak.

Galaxy A21s korpusining orqa panelida barmoq izi skaneri bor, u yana egasini yuzidan tanib olish funksiyasiga ham ega. Smartfonda 4G VoLTE, Wi-Fi (802.11 b/g/n), Bluetooth 5.0, GPS + GLONASS modullari, USB Type-C porti mavjud.

Samsung bu smartfonini to‘rt xil – qora, oq, ko‘k va qizil ranglardagi korpuslarda taklif etadi. Uni tezkor/ichki xotirasi 3/32, 4/64 va 6/64 gigabaytlik variantlarda chiqarishadi. Barchasida 512 gigabaytgacha hajmli microSD-karta uchun slot mavjud.

Kompaniyaning o‘zi Galaxy A21 narxini ham, savdoga chiqish vaqtini ham ma’lum qilmagan. Ammo insayderlar uning 200 yevrodan boshlangan narxlarda sotilishini aytishgan.

O‘QING: Galaxy M51 va Galaxy M31s arzon smartfonlari ham flagmancha xususiyatga ega bo‘lyapti

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!