Galaxy M11 namoyish qilindi: Infinity-O displey, uchtalik kamera, baquvvat batareya va USB-C!

  •   DiMaX
  •  3527
  •  30.03.2020 12:43

Galaxy M11 namoyish qilindi: Infinity-O displey, uchtalik kamera, baquvvat batareya va USB-C!

Janubiy koreyalik texnogigant bugun – 30 mart kuni Galaxy M11 modelini rasman namoyish qildi. Garchi arzon smartfonlar turkumining eng «kenja»si bo‘lsa-da, Samsung uni ham ilg‘or jihatlar bilan ta’minlagan.

O‘QING: Arzon va hamyonbop Samsung smartfonlari ishqibozlariga xushxabar bor!

Galaxy M11 qora, ko‘k hamda binafsha rangli plastik korpuslarda taklif etiladi. Uning o‘lchami 161,4x76,3x9 millimetrga, vazni esa 197 grammga teng.

Smartfonning IPS LCD-displeyi diagonaliga 6.4 dyuymlik bo‘lib, tasvir aniqligi HD+ formatida (1560x720 piksellik). Ekranning yuqori chap burchagidagi tirqishga 8 megapiksellik (f/2.0) old kamera o‘rnatilgan.

Devaysning «elektron yuragi» – maksimal takt chastotasi 1.3 gigagerslik protsessor, ammo Samsung uning modelini aytmagan. Galaxy M11 tezkor xotirasi 3/4 gigabaytlik, doimiy xotirasi esa 32/64 gigabaytlik talqinlarda chiqariladi. Korpusida yana microSD formatli xotira kartasi uchun ham joy ajratilgan.

O‘QING: Yashirin kamerali birinchi Samsung smartfonini ilk bor yoqiq holida «jonli» ko‘ramiz!

Galaxy M11 orqa panelida barmoq izi skaneri hamda uch modulli kamera mavjud. Bular – 13 megapiksellik asosiy sensor (f/1.8), ko‘rish burchgi 115 darajaga teng keng burchakli (f/2.2) ob’yektivga ega 5 megapiksellik datchik hamda 2 megapiksellik chuqurlik sensoridir. Kamera 1080p 30fps formatida video suratga ola biladi.

Galaxy M11 korpusida standart quloqchin tirqishi ham qoldirilgan. Simsiz aloqa interfeyslaridan Bluetooth 4.2, Wi-Fi b/g/n mavjud. To‘rtinchi avlod uyali aloqa standarti – LTE tarmog‘ida ishlovchi smartfonga ikkita SIM-karta qo‘yish mumkin.

Smartfonning 5000 mA/soatlik akkumulyatori USB-C porti orqali 15 vattlik texnologiya bo‘yicha tezkor quvvat oladi.

Afsuski, hozircha Samsung ushbu mahsulotining narxini ham, savdoga chiqarilish vaqtini ham aytmayapti. Bu boradagi yangiliklarni Terabayt.uz bilan birga kuzatishda davom eting.

O‘QING: Eng arzon Samsung smartfoni – Galaxy M01 haqida Geekbench xushxabar berdi!

Terabayt.uz сайтининг видеолари: Youtube'даги каналимизда!