Galaxy S10 5G superflagmani kutilganidan ancha erta sotuvga chiqyapti – narx va jihatlari bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  3548
  •  22.03.2019 14:50

Galaxy S10 5G superflagmani kutilganidan ancha erta sotuvga chiqyapti – narx va jihatlari bilan tanishing!

Janubiy koreyalik texnogigant Galaxy S10 turkumidagi smartfonlarini taqdim etgach, tez orada savdoga ham chiqargan. Faqat ularning eng ilg‘ori – beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlaydigan modelini yozda savdoga chiqarishni ko‘zlagan.

O‘QING: Galaxy S10 5G o‘z kuchini ko‘rsatdi: atigi 30 soniyada 10 GB kontent!

Lekin Samsung mazkur flagmanini kutilganidan erta, aniqrog‘i – 5 apreldan sotuvga qo‘yadi. Korea Herald nashrining yozishicha, Galaxy S10 5G modeli dastlab o‘z yurtida, taxminan 1330 dollarlik narxda bozorga chiqadi.

Keyinroq, aprel oyining o‘zidayoq bu superflagman AQSh bozoriga otlanadi. Dastlab uni faqatgina Verizon aloqa operatori xaridorlari sotib olishlari mumkin bo‘ladi. Aytish kerakki, mazkur kompaniya 11 apreldan beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘ini ishga tushirmoqda. Ehtimol, yangi flagman ham AQShda ayni shu sanada sotuvga chiqarilar.

Aytib o‘tish kerakki, Galaxy S10 5G superflagmani 20 fevralda taqdim etilgan standart Galaxy S10, uning «kichkina» – S10 E va «katta» – S10+ modellaridan farq qiladi. Bu farqlar nafaqat uning 5G tarmog‘ida ishlashiga, balki boshqa jihatlari va hatto dizayniga ham tegishli.

O‘QING: Galaxy S10+ tezkorroqmi yoki iPhone XS Max? «Jonli» testda taqqoslab ko‘ramiz!

Galaxy S10 5G – ushbu kompaniyaning 6,7 dyuymlik Infinity-O displeyli ilk modelidir. U ham eng ilg‘or Android-protsessor – Snapdragon 855 bilan qurollangan, unda beshinchi avlod uyali aloqa tarmog‘i uchun X50 modemi ham bor. Qurilmaning tezkor xotirasi 8 GB, doimiy xotirasi esa 256 GB hajmga ega. Uning akkumulyatori ham baquvvat – 4500 mA/soatlik bo‘lib, 25 vattlik quvvat bilan ultratezkor zaryadlana oladi.

Bulardan tashqari, «oddiy» flagmanlardan farqli tarzda, Samsung’ning 5G-smartfoni to‘rt modulli bosh kamera bilan jihozlangan. Asosiy sensor 12 megapiksellik bo‘lib, keng burchakli ob’yektiv (f/1,5-f/1,9) hamda Dual Pixel avtofokusiga ega. Ikkinchisi – 12 MPlik, teleob’yektivli (f/2,4) bo‘lsa, uchinchi – 16 megapiksellik optik datchik keng burchakli ob’yektivga va 123 darajali ko‘rish burchagiga (f/2,2) ega. Shuningdek, bosh kamera jamlanmasiga qo‘shimcha – Time-of-Flight (ToF) datchik ham kiradi, u 3D-fotosuratlar olishga yordam beradi, shuningdek, Video Live Focus hamda Quick Measure funksiyalarini qo‘llagan holda to‘ldirilgan borliqda ishlay oladi. Galaxy S10 5G old kamerasi esa qo‘shaloq bo‘lib, 10 va 8 megapiksellik sensorlardan iborat.

Mazkur superflagmanning bizga yetib kelishiga hali ancha bor, biroq hozircha bizda 5G tarmog‘ining o‘zi yo‘q! Kompaniyaning jahon bozoriga chiqarilgan aksariyat smartfonlarini, jumladan, Galaxy S10 hamda Galaxy S10+ flagmanlarini esa allaqachon Terashop.uz internet-do‘konimizdan onlayn usulda sotib olish mumkin.

O‘QING: Nihoyat, Galaxy S10+ ham Terashop.uz’ga keldi! Samsung smartfonlari narxlari (2019 yil 13 mart) – aksiyasi ham bor!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.