Galaxy S9 va Razer Phone’ni «yer tishlatuvchi» qudratli smartfon e’lon qilindi!

  •   DiMaX
  •  2186
  •  27.03.2018 13:24

Galaxy S9 va Razer Phone’ni «yer tishlatuvchi» qudratli smartfon e’lon qilindi!

O‘tgan yilning ikkinchi yarmida ilk o‘yinbop smartfon – Razer Phone rusumli baquvvat qurilma taqdim etilgan va savdoga chiqarilgan edi. Bu yilgi MWC 2018 anjumanida esa Samsung undan ham kuchli Galaxy S9 flagmanini namoyish etdi; bu gadjet ham allaqachon dunyo bo‘ylab katta talab bilan sotilmoqda.

O‘QING: Galaxy S9 va boshqa Samsung smartfonlari narxlari (2018 yil 23 mart)

Ammo ayni shu Mobile World Congress 2018 ko‘rgazmasida ishtirok etgan ZTE korporatsiyasi ham geymer-smartfon tayyorlayotgani haqida ma’lum qilgan edi. Xitoylik kompaniya o‘zining bu smartfoni nafaqat Razer Phone’dan ustun ekanligi, balki ishlash samaradorligi bo‘yicha hatto Samsung Galaxy S9 flagmanini ham «yer tishlatishi»ni aytib maqtangandi.

Bugun esa ZTE’ning shu gadjeti haqida ilk ma’lumotlar paydo bo‘ldi – uning nomi Nubia Red Dev ekan. Bu haqda korporatsiya rahbari Weibo ijtimoiy tarmog‘idagi o‘zining rasmiy akkaunti orqali xabar bergan. ZTE joriy yilning fevral oyi oxirida Barselonada ayni shu smartfonning prototipini ko‘rsatgan ekan.

O‘QING: AuTuTu’da yangi rekord: dunyodagi eng qudratli smartfon endi iPhone X emas!

Nubia Red Dev o‘yinbop smartfoni 2,8 GGs takt chastotali sakkizta yadroni hamda Adreno 630 grafik tezlatgichini o‘z ichiga olgan ilg‘or Qualcomm Snapdragon 845 protsessori bazasida ishlaydi. U nafaqat 8 gigabaytlik tezkor va 128 gigabaytlik doimiy xotirasi bilan, balki betakror korpusi bilan ham hayratga sazovor.

Ishlab chiqaruvchi ushbu smartfonining korpusini tayyorlashda keramika, alyuminiy yoki shishadan emas, balki uglerodli nanomaterialdan foydalangan. Bu material ichkaridan chiqadigan issiqlikni samarali tarzda tarqatishi sharofati bilan, o‘yinbop smartfon har qanday quvvat bilan ishlatilganida ham mutlaqo qizimaydi.

Bulardan tashqari, ZTE vakillari avvalroq ta’kidlaganlariga ko‘ra, ularning Galaxy S9 va Razer Phone’dan ustun keluvchi mazkur top-smartfoni shu paytgacha hech kim telefonda qo‘llamagan innovatsion sovitish tizimi bilan ham maqtana oladi.

ZTE o‘yinbop Nubia Red Dev smartfonini aprel oyida rasman namoyish etishni ko‘zlayapti, ya’ni taqdimotgacha oz vaqt qoldi. Uning narxi va boshqa xususiyatlari haqida hozircha boshqa ma’lumot yo‘q. Lekin bir narsa aniq – Xiaomi ham tez orada o‘zining Blackshark nomli ilk geymer-smartfonini bozorga chiqarmoqchi. Demak, «Qora akula» bilan «Qizil iblis» deyarli bir vaqtda arenaga tushadi va bu ikki xitoylikning o‘zaro raqobati qiziqarli kechadi. Bu boradagi yangiliklardan birinchilar qatori boxabar bo‘lish uchun bizdan uzoqlashmang.

O‘QING: Xiaomi "bayroqdor" o‘yin-smartfoni haqida e’lon qildi

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!