Gigant IT kompaniyalari parollarsiz kelajak uchun birlashdilar

Gigant IT kompaniyalari parollarsiz kelajak uchun birlashdilar

Garchi parollar onlayn xavfsizlikning muhim omillaridan biri hisoblansada, fishing, firibgarlik va parollardan foydalanish "gigiyena"siga rioya qilmaslik internet foydalanuvchilari uchun har doim xavf tug'dirib kelgan. Biroq, parollar bilan bog'liq muammolardan to'liq qutulish uchun, ulardan umuman oldinga o'tishimiz kerak. Aynan shu masalada, kecha uchta texno-gigant kompaniyalar o'zlarining birlashuvlarini e'lon qildilar.

Apple, Google va Microsoft endilikda parollarsiz kelajakni yaratish va virtual dunyoni yanada xavfsiz qilish uchun FIDO Alliance va World Wide Web Consortium tomonidan ishlab chiqilgan kriptografik kalitlarga asoslangan yagona parolsiz avtorizatsiya standartini qo'llab-quvvatlashni kengaytirishlarini ma'lum qilishdi.

Tez orada barcha mobil qurilmalar, kompyuterlar va brauzerlarda platformalarga kirishda qo'llaniladigan bu usulda smartfonlar asosiy autentifikatsiya qurilmasiga aylanadi. Bunda har safar ilova, veb-sayt yoki boshqa raqamli xizmatlarga kirishda foydalanuvchi har kuni smartfonini ochishda foydalanadigan barmoq izini yoki yuzni aniqlash texnologiyasini ishlatishi yoki PIN kodni kiritishi talab qilinadi, shuningdek, xavfsizlik smartfon va sayt o'rtasida uzatiladigan noyob kriptotoken orqali ta'minlanadi.

Muallif: Google

Avtorizatsiyaning bu usuli platformalarga kirishda parollardan foydalanish va bir martalik SMS-kodlardan ko'ra xavfsizroq qiladi va foydalanuvchilarni fishinglardan himoya qiladi. Ushbu xususiyat foydalanuvchi qaysi operatsion tizimda qaysi brauzerdan foydalanishidan qat'iy nazar bir xilda ishlayveradi. Kompaniyalar o'zlarining qurilma va platformalari uchun bunday parolsiz kirish xususiyatini kelayotgan 2023-yildan boshlab tadbiq qila boshlaydilar.

O'QING: Android'chilar iPhone'chilarga qarshi. Kimlar mashinani yaxshiroq haydaydi?