Google Arts & Culture’da O‘zbekistonga bag‘ishlangan uchta yangi to‘plam ochildi

  •   DiMaX
  •  402
  •  19.05.2020 18:32

Google Arts & Culture’da O‘zbekistonga bag‘ishlangan uchta yangi to‘plam ochildi

18 may – Xalqaro muzeylar kuni munosabati bilan Google Arts & Culture onlayn platformasida O‘zbekiston muzeylari va madaniyatiga bag‘ishlangan uchta yangi to‘plam ochildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabariga tayanib Sof.uz nashri yozmoqda.

O‘QING: Dunyodagi barcha virtual muzeylarga endi bitta saytdan kira olamiz!

Ochilishda Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi ko‘maklashdi.

Birinchi to‘plamda siz «O‘zbekiston: Samarqandga yo‘l» (Muallif Yaffa Assulin, London) kitobini nashr etishga ilhomlantirgan unutilmas landshaftlar, me’moriy yodgorliklar va mamlakatimiz tarixi bilan tanishishingiz mumkin. Muallif mamlakatimizning eng chekka burchaklariga tashrif buyurib, tarixga kirib borib, amaliy va ijrochilik san’atining ustalari asarlarini tomosha qilgan.

Ikkinchi to‘plam Luvr muzeyidagi «Buyuk Ipak yo‘lidagi sivilizatsiyalar va madaniyatlar» ko‘rgazmasida namoyish etiladigan O‘zbekistonning madaniy merosining eng qadimiy asarlari haqida hikoya qiladi. Varaxsha saroyidagi freska parchalari, Fayoztepadagi Budda va rohiblar haykali, qadimiy Usmon Qur’oni qo‘lyozmasi va jahonning madaniy merosiga kiruvchi O‘zbekistonning boshqa muhim eksponatlari namoyish etiladi.

O‘QING: O‘zbekiston muzeylariga endi dunyoning istalgan nuqtasidan onlayn sayohat qilish mumkin!

Uchinchi to‘plamda O‘rta Osiyodagi eng yirik muzeylardan biri - O‘zbekiston davlat san’at muzeyi tarixi nashr etiladi. Yaratish tarixi va arxiv fotosuratlari muzey ochilgandan beri uning me’morchiligi va ko‘rgazma maydonida ajoyib o‘zgarishlarni namoyish etadi. Shu bilan birga, to‘plamda yapon me’mori Tadao Ando tomonidan ishlab chiqilgan muzey me’morchiligining yangilangan konsepsiyasi taqdimoti mavjud.

Google Arts & Culture madaniy sohada O‘zbekiston bilan hamkorlik qilib keladi. Unda hozirga qadar Qoraqalpog‘istondagi I. Savitskiy nomidagi davlat san’at muzeyi, Oybek uy muzeyi va Saodat Ismoilovaning Qirq qiz - Toshkentdagi zamonaviy san’at markazi ochiq-ko‘rgazmalari joylashtirilgan.

Google Arts & Culture bu san’at asarlariga yuqori aniqlikdagi kirish huquqini taqdim etadigan onlayn platformadir. Loyiha 2011 yilda Google tomonidan 17 ta muzey bilan hamkorlikda boshlangan. Bugungi kunda ushbu loyihaga dunyoning turli mamlakatlaridan 2000 dan ortiq madaniy muassasalar qo‘shilgan.

O‘QING: Yer yuzidagi eng yirik muzeyga ham endi onlayn tashrif buyuring! (+video)

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!