Google Chrome endi parolingiz o‘g‘irlanganligini tekshirib beradi

  •   DiMaX
  •  1485
  •  06.02.2019 16:25

Google Chrome endi parolingiz o‘g‘irlanganligini tekshirib beradi

Kuni kecha xakerlar butun dunyo bo‘ylab turli akkauntlarning login va parollarini bilib olganlari fosh bo‘lib qoldi. Bu – shu paytgacha aniqlangan eng yirik akkaunt o‘g‘irligidir.

O‘QING: Xakerlar o‘g‘irlagan parollar orasida mening parolim bor-yo‘qligini qanday aniqlash mumkin?

Google kompaniyasi esa shu kabi holatlardan himoyalanish uchun Chrome brauzeriga Password Checkup kengaytmasini ishlab chiqdi. Mazkur dasturiy ta’minot foydalanuvchilarning akkaunti ma’lumotlari o‘g‘irlanganligini, shuningdek, kelajakda o‘g‘irlash osonligini aniqlab beradi.

Password Checkup kengaytmasi kiritiladigan parollarning o‘g‘irlanganlar ro‘yxatida bor-yo‘qligini tekshiradi. Google’ning ishontirib aytishicha, bunda barcha ma’lumotlar shifrlanadi va hatto kompaniyaning o‘zi ham ularni ko‘ra olmaydi. Tizim avtonom rejimda ishlaydi, parollar esa ma’lumotlar bazasida xeshlangan va shifrlangan ko‘rinishda saqlanadi.

Servisning ishini yaxshilash maqsadida kengaytma ayrim anonim ma’lumotlarni yig‘ishini Google yashirmayapti. Bular – xavfsiz bo‘lmagan login va parollar qanchalik ko‘p uchrayotgani, ular qaysi domenlar bilan bog‘langanliklari, xavf haqida ogohlantirilganidan keyin foydalanuvchilar o‘z parollarini o‘zgartirayotgan yoki o‘zgartirmayotgani kabi ma’lumotlardir. Lekin foydalanuvchi istasa, kengaytma sozlamalari orqali u to‘plagan barcha ma’lumotlarni o‘chirib yubora oladi.

Password Checkup kengaytmasini mana bu havola orqali Chrome brauzerining kengaytmalar katalogidan o‘rnatib olish mumkin.

O‘QING: Parolingizni buzish qanchalik oson? Buni onlayn tekshirish yo‘li bor!

Sayt yangiliklaridan doimiy xabardor bo'lish uchun Telegram kanalimizga qo'shiling!