Google tayyorlagan «kambag‘albop» Pixel 3 Lite taqdimotdan avval fosh etildi

  •   DiMaX
  •  1211
  •  17.11.2018 17:20

Google tayyorlagan «kambag‘albop» Pixel 3 Lite taqdimotdan avval fosh etildi

«Qidiruv giganti» o‘zining Pixel 3 va 3 XL flagmanlarini joriy yilning oktyabrida namoyish qilgandi. Ammo sotuvga chiqqach, ularning «ishkal»lari ham sezila boshlagan.

O‘QING: Dinamikda ham, kamerada ham, xotira va batareyada ham muammo: foydalanuvchilar Google Pixel 3 va 3 XL smartfonlaridan shikoyat qilmoqda

Google kompaniyasi ushbu turkumda yana bitta smartfon tayyorlagani shu kunlarda ma’lum bo‘lib qoldi – Rozetked nashri jurnalistlari uning suratlarigacha e’lon qilishdi. Pixel 3 Lite deb nomlangan ushbu qurilma tashqi ko‘rinishi kompaniyaning flagmani bilan bir xil, ammo xususiyatlari bo‘yicha farq qiladi.

Pixel 3 Lite korpusi butunlay plastikdan ishlangan. Uning diagonaliga 5,56 dyuymlik IPS-displeyi 2220x1080 piksellik tasvir aniqligiga ega. Tomonlari o‘zaro 18:9 nisbatda bo‘lgan, «kemtik»siz ekranining romlari Pixel 3 flagmanidagiga ko‘ra enliroq. Flagman modellarda olib tashlangan 3,5 millimetrlik quloqchin tirqishi Lite-versiyada bor.

«Ichki dunyosi»ga kelsak, Pixel 3 Lite modeli sakkiz yadroli Snapdragon 670 protsessori bazasida ishlaydi. Standart Pixel 3 modelidagi kabi, u ham 4 gigabaytlik tezkor xotiraga ega. Ammo doimiy xotirasi hajmi atigi 32 gigabaytlik bo‘lib, unga microSD-karta ham o‘rnatib bo‘lmaydi. Akkumulyatorining tok sig‘imi 2915 mA/soatga teng. Ushbu smartfonga 12 megapiksellik asosiy va 8 megapiksellik old kameralar o‘rnatilgan. Manbaga ko‘ra, ulardagi modullar standart Pixel 3 flagmanidagi bilan bir xil.

Gap-so‘zlarga qaraganda, Google Pixel 3 Lite yaqin oylar ichida taqdim etiladi va 400–500 dollar atrofida baholanadi. U bilan birga Pixel 3 XL’ning ham arzonroq, Snapdragon 710 protsessorli versiyasi namoyish qilinishi mumkin.

O‘QING: Google bepul taksi xizmatini ishga tushiradi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.