Honor Magic5 Pro – DxoMark kamera reytingining yangi qirolini qarshi oling!

Honor Magic5 Pro – DxoMark kamera reytingining yangi qirolini qarshi oling!

Bugun Barselonadagi MWC 2023 tadbiri davomida Xitoyning taniqli Honor smartfon ishlab chiqaruvchi brendi taqdimot o'tkazdi va unda o'zining yangi avlod Magic smartfonlar seriyasini taqdim qildi. Qatorda ikkita: Magic5 va Magic5 Pro modellari mavjud bo'lib ular bilan batafsil quyida tanishishingiz mumkin.

Honor Magic 5

Honor Magic 5, qatordagi boshlang'ich model FHD+ piksellar o'lchami va 90 gerts yangilanish tezligiga ega 6.78 dyuymli OLED LTPO displeyga. U HDR10+ texnologiyasini qo'llab-quvvatlaydi va 1100 nit maksimal yorug'likka chiqa oladi. Ekran ostida barmoq izini aniqlash skaneri o'rnatilgan.

Orqa tomonga o'tadigan bo'lsak, yumaloq kamera oroli ichida 54 MP asosiy, 50 MP ultra-keng va 32 MP telefoto sensorlar joylashgan. Selfilar uchun old ekran yuqori markazidagi tirqishdan 12 MP selfi kamera joy olgan. Kapotni ko'tarsangiz uning ostida Snapdragon 8 Gen 2 chipseti 8 GB RAM va 256 GB xotira bilan 66 Vt tezlikda quvvatlanadigan 5100 mA/soat batareyada ishlayotganini ko'rasiz.

Honor Magic 5 Pro

Shouning haqiqiy yulduzi Magic 5 Pro modeli Honor'ning bu yilgi eng yuqori model smartfoni hisoblanadi, shu sabab ham u Snapdragon 8 Gen 2 chipseti, 12 GB RAM va 512 GB UFS 4.0 xotira kabi yuqori texnik xususiyatlarga ega. Batareya esa 5,100 mA/s bo'lib, u 66 Vt tezlikda simli, 50 Vt tezlikda esa simsiz quvvatlanadi.

Qurilma 6.81 dyuymli LTPO ekranga ega. U 1312×2848 piksel rezolyutsiyasida bo'lib, maksimal 1800 nit yorug'likka chiqa oladi va 2160 gerts PWM chastotasiga ega. Ushbu ikki ko'rsatkichlar Galaxy S23 smartfonlariga o'rnatilgan E6 ekranida 1750 nit va 1920 gerts edi. Albatta, displey 120 gerts yangilanish tezligiga ega. Ushbu ekran chap yuqori burchagida xuddi Xiaomi Civi 2 yoxud Xiaomi 13 Lite smartfonlarida bo'lgani kabi uzunchoq oval shaklidagi tirqishni ko'rishingiz mumkin. U yerda selfi ishqibozlari uchun 12 MP old kamera 3D portret sensor bilan joylashgan.

Smartfonning eng o'ziga xos xususiyatlari uning orqasida, yumaloq kamera orolida ichida joylashgan. Ha, gap kameralar haqida ketmoqda. Magic 5 Pro uchlik kamera tizimiga ega. Ularning uchchalasi ham 50MP: biri asosiy, yana biri ultra-keng, boshqasi esa periskop zum linzasi.

Asosiy kamera tasvirni optik barqarorlashtirish xususiyatiga ega bo'lgan f/1.6 diafragmali 1/1.2 dyuym o'lchamidagi sensor bo'lib, u 4 ta piksellarni birlashtirish texnologiyasidan foydalanadi. Ultra-keng kamera esa f/2.0 diafragma bilan 122° ko'rish maydoniga ega. Uchinchi periskop telefoto linzada esa f/3.0 diafragma, OIS xususiyatlari bilan birga 3.5X optik, hamda, 100X raqamli zum qobilyati mavjud. Qolaversa, kamera oroli 3D ToF moduli va multispektral sensorni o'z ichiga oladi.

Ta'kidlash joizki, bular o'tgan yilgi Magic 4 Ultimate'ning OIS'siz va katta diafragmali sensorlaridan ancha yaxshilanish hisoblanadi. Qo'shimchasiga, kamera tizimi fokus uchun 3D ToF lazeri, rang haroratini aniqlash uchun ko'p spektrli sensori va impulsli chiroqlarning chastotasi aniqlash sensori bilan ham ta'minlangan. 

Smartfon sizga maksimum 4K formatida sekundiga 60 kadr bilan video olish imkonini beradi. Garchi Galaxy S23 Ultra yoki Xiaomi 13 Pro kabi 8K formatida videoga olish imkoniga ega bo'lmasa ham, Honor Magic 5 Pro smartfoni sun'iy intellektga ega rejim bilan allaqachon Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan: u basketbol to'pini oyoqlar orasidan havoda olib o'tib, uni savatga tashlashni millisekundlik tezlikda tasvirga olgan.

Eng qizig'i Magic 5 Pro taqdim qilinishi bilanoq DxOMark veb-sayti dunyodagi top 10 eng yaxshi kamerali smartfonlar ro'yxatini yangiladi va unda Honor'ning yangi flagmani 152 ball bilan birinchi o'rinni egallagan. Top 10 ro'yxatda siz iPhone 14 Pro Max, Galaxy S23 Ultra kabi bugungi kunning elita smartfonlarini ko'rishingiz mumkin.

Magic 5 Pro kelmasidan avval, Huawei'ning Mate 50 Pro (147 ball) ushbu reytingning birinchi o'rinida turgan edi. Aytish kerakki, Honor'ning o'tgan yilgi flagmani Magic 4 Ultimate ham namoyish qilinishi bilanoq ushbu reytingda birinchi o'rinni olgan edi. Hozir uni to'rtinchi o'rinda, Google'ning Pixel 7 Pro smartfonidan keyingi o'rinda ko'rishingiz mumkin.

Ulanish borasida Magic 5 Pro smartfoni Wi-Fi va Bluetooth uchun mustaqil antenna arxitekturasidan foydalangan ilk smartfon bo'lib, bu Wi-Fi 6 ishlashini 200% gacha oshirishi va kechikishni 30% gacha kamaytiradi. Qo'shimchasiga smartfon IP68 himoya sertifikatiga ega. Smartfonga DTS:X Ultra bilan stereo dinamiklar ham o'rnatilgan.

Ikkala modellar ham Android 13 ga asoslangan MagicOS 7.1 operatsion tizimida ishlaydi. Ha, aytgancha ularning ikkovi ham yon tomonlari egilgan displeyga ega. Dizayn borasida Pro model oddiysiga qaraganda kamera orolida ko'proq sensorlarga ega ekanligi va selfi kamera tirqishi bilan oddiysidan farq qiladi.

Smartfonlar sotuvi joriy yilning ikkinchi choragida boshlanishi kutilmoqda. Narxlar quyidagicha:

  • Honor Magic 5 (8/256 GB) – 899 yevro;
  • Honor Magic 5 Pro (12/512 GB) – 1199 yevro

Smartfon qutisida nafaqat kabel, balki quvvat adapterini ham topishingiz mumkin.

O'QING: Xiaomi 13 seriyasi global bozorga taqdim qilindi!