Huawei 14 ta smartfonini GPU Turbo texnologiyasi bilan ta’minlayapti – yangilanishlar rejasi bilan tanishing!

  •   DiMaX
  •  826
  •  21.07.2018 15:26

Huawei 14 ta smartfonini GPU Turbo texnologiyasi bilan ta’minlayapti – yangilanishlar rejasi bilan tanishing!

Dunyoning uchinchi raqamli smartfonsozi o‘zining mobil qurilmalari uchun GPU Turbo texnologiyasini ishlab chiqqanidan xabaringiz bor. Uning yangi modellari shu texnologiya joriy etilgan holda chiqarilmoqda.

O‘QING: Huawei Mediapad M5 palansheti GPU Turbo texnologiyasi bilan ta’minlandi

Yangilaridan tashqari, Xitoylik texnogigant o‘zining eski rusumlardagi 14 xil smartfonini ham GPU Turbo texnologiyasi bilan yangilashini rasman ma’lum qildi. Shuningdek, bu qurilmalarga mazkur yangilanishlar taqdim etilishining taxminiy vaqtini ham aytdi.

Unga ko‘ra, Huawei joriy yilning avgust oyida Mate 10, Mate 10 Pro, Mate RS, P20 hamda P20 Pro telefonlarini GPU Turbo bilan ta’minlaydi. Ikkinchi bosqich – sentyabrda esa GPU Turbo texnologiyasiga ega yangilanish Mate 10 Lite, Nova 2i, P Smart, P20 Lite va Y9 2018 modellariga tarqatiladi. Keyinroq – noyabr oyida esa Mate 9, Mate 9 Pro, P10 hamda P10 Plus smartfonlarga yetkaziladi.

O‘QING: RASMAN: tayyor turing, Mi Max 3 «kushandasi»ni 31 iyulda ko‘ramiz!

Aytish kerakki, GPU Turbo texnologiyasi joriy yilning iyunida taqdim etilgan. Bu – Huawei smartfonlarining grafik protsessori samaradorligini oshiruvchi apparat-dastur texnologiyasi hisoblanadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, GPU Turbo texnologiyasi grafik chipning samaradorligini 60 foizga oshirib, shu blan bir vaqtning o‘zida quvvat sarfini 30 foizga kamaytirishga imkon beradi. Shuningdek, yangi texnologiya AR hamda VR ishining ham yaxshilanishini ta’minlaydi.

Yana bir jihatni alohida ta’kidlab o‘tish lozim: yuqoridagi ro‘yxat kompaniyaning Honor brendli, GPU Turbo yangilanishini oluvchi smartfonlari kiritilmagan. Lekin ma’lumotlarga ko‘ra, Honor 10, Honor 9 Lite, Honor V10 va Honor 7X modellariga ham ushbu texnologiya joriy etiladi.

O‘QING: 23 iyuldagi taqdimoti bilan Huawei yana bitta «inqilob» qilmoqchi!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.