Huawei kutilmaganda P20 Lite smartfonini taqdim etdi

  •   DiMaX
  •  5855
  •  17.03.2018 17:37

Huawei  kutilmaganda P20 Lite smartfonini taqdim etdi

Xitoylik yetakchi smartfonsoz o‘zining Huawei P20 Lite rusumli qurilmasini 20 mart kuni taqdim etilishi kutilayotgan edi. Lekin kompaniya kutilmaganda bu smartfonini undan ham avval, tag‘in ortiqcha shov-shuvlarsiz rasman namoyish etdi.

O‘QING: 20 martdayoq taqdim etiladigan Huawei P20 Lite uchun oldindan buyurtma berish boshlandi («jonli» video)

Huawei P20 Lite korpusi metall romli, orqa qopqog‘i esa shishadan ishlangan. Xitoylik texnogigant iPhone X dizaynidan ilhom olgani ko‘rinib turibdi – displeyning tepasida «o‘yiq» bor, bosh kamera modullari tikka joylashgan. P20 Lite ekranining o‘lchami – diagonaliga 5,84 dyuym, lekin tomonlarining o‘zaro nisbati g‘ayrioddiy – 19:9 ga teng. Displeyning tavir aniqligi esa 1080x2280 pikselni tashkil etadi. Daktiloskopik skaner korpusning orqa panelidan o‘rin olgan.

Qo‘sh modulli kamera 16 va 2 megapikselli ikkita ob’yektivni o‘z ichiga olgan. An’anaviy tarzda, bularning ikkinchisi boke effekti, ya’ni orqa fonni xiralashtirib suratga tushirish uchun qo‘llanadi.

Huawei P20 Lite uch xil: qora, ko‘k va pushti rangli korpuslarda yetkazib beriladi. Ushbu smartfon Yevropada 1 apreldan savdoga chiqariladi, uning narxi 369 yevroga teng, bu taxminan 474 AQSh dollariga to‘g‘ri keladi.

O‘QING: Hali taqdim etilmagan Huawei P20 benchmarkda Galaxy S9 va Xperia XZ2 bilan bellashdi

Huawei P20 Lite asosiy xususiyatlari quyidagicha:

  • Displey: 5,84 dyuymli, Full HD+;
  • Protsessor: Kirin 659 chipi: 2,36 GGs.lik 4 ta Cortex-A53 yadrosi va 1,7 GGs.lik 4 ta Cortex-A53 yadrosi;
  • Grafik tezlatgich: MaliT830-MP2;
  • Xotira: 4 GB tezkor, 64 GB doimiy + 256 GB.gacha microSD qo‘yish mumkin;
  • Kamera: asosiy kamera – 16+2 MP, old kamera – 16 MP;
  • Akkumulyator: 3000 mA/soat;
  • Tizim: Android 8.0 Oreo asosidagi EMUI 8.0.

Huawei bu modelni jimgina taqdim etganiga qaraganda, u asosiy e’tiborni P20 hamda P20 Pro flagmanlariga qaratmoqchi. 27 mart kuni Parijda namoyish qilinadigan ushbu ikki smartfon yonida yana bitta model ham bo‘lishi haqida gap-so‘zlar yuribdi. Voqealar rivojini biz bilan birga kuzating.

O‘QING: Huawei P20 turkumidagi to‘rtinchisi eng qimmat smartfon bo‘ladi!

Сайтимизнинг энг чиройли расмларини Инстаграмдаги саҳифамизда томоша қилинг!