Huawei Mate 40 namoyish qilindi – narx va xususiyatlari

  •   DiMaX
  •  5745
  •  23.10.2020 10:55

Huawei Mate 40 namoyish qilindi – narx va xususiyatlari

AQSh tomonidan qo‘llanayotgan sanksiyalar va taqiqlarga qaramasdan, Huawei kompaniyasi Mate 40 turkumidagi flagman smartfonlarini taqdim etdi. Ular bilan tanishuvni bazaviy – Huawei Mate 40 modelidan boshlaymiz.

O‘QING: Atigi 6 dollarlik telefonlardan «Huawei smartfonlari» yasab, 25 dollardan sotgan jinoiy guruh ushlandi

Yangi turkumning uchta vakili dizayniga ko‘ra o‘zaro o‘xshash; ulardan Huawei Mate 40 modeli 6,5 dyuymlik OLED-displeyga ega. Unda kadr yangilanish chastotasi xuddi Mate 40 Pro hamda Mate 40 Pro+ flagmanlaridagi kabi 90 gerslik, lekin tasvir aniqligi ularnikidan pastroq – 2376x1080 piksellik. Shuningdek, displeyning ikki yoni ham Pro-versiyalardagi singari 88 darajada emas, balki 68 darajada qayrilgan.

Bazaviy flagmanning daktiloskopi ekranga joylangan, korpusi IP53 standartiga ko‘ra himoyalangan (katta modellarda – IP68).

Huawei Mate 40 smartfonida sakkiz yadroli Kirin 9000E protsessori qo‘llangan; uning tarkibiga 22 yadroli grafik tezlatgich va bir yadroli NPU – neyroprotsessor ham kiradi. Taqqoslash uchun: Pro-versiyalarning «elektron yuragi» bo‘lgan Kirin 9000 chipseti 24 yadroli grafik chip va qo‘sh yadroli neyroprotsessorga ega. Mate 40 tezkor xotirasi 8 gigabaytlik, doimiysi esa 128 gigabaytlik hajmda.

Standart flagmanda 4200 mA/soatlik akkumulyator qo‘llangan va u 40 vattlik tezkor quvvatlana oladi; simsiz zaryadlash texnologiyasi esa bu modelda qo‘llanmagan. Google servislari yo‘q, lekin smartfon EMUI 11 grafik qobig‘i ostidagi Android 10 boshqaruvi ostida ishlaydi. Huawei Mate 40 qo‘shaloq stereodinamika, NFC moduli va Bluetooth 5.2 interfeysi bilan ta’minlangan.

Huawei bu smartfonini 13 megapiksellik yakka datchikli old kamera bilan jihozlagan. Bosh kamerasi xuddi Mate 40 Pro hamda 40 Pro+ modellaridagi singari doira shaklidagi blokka olingan va uchta moduldan iborat. Asosiy datchigi 50 megapiksellik (aperturasi f/1.9); ikkinchi – keng burchakli kamera 16 megapiksellik (f/2.2) bo‘lsa, teleob’yektiv aniqligi 8 megapiksellik (f/2.4). Mazkur flagman bosh kamerasi 3 karralik optik zumga ega.

Xitoylik texnogigant Huawei Mate 40 modelini 899 yevroga baholagan, lekin sotuvga chiqish sanasini hozircha aytmagan. Uni uch xil – Mystic Silver, White, Black, Leather Yellow hamda Leather Green rangli korpuslarda ishlab chiqarishadi.

O‘QING: HarmonyOS 2.0 proshivkasini oluvchi Huawei va Honor smartfonlari, planshet va smart-soatlari ro‘yxati chiqdi

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.