Huawei Nova 4e (yoki Huawei P30 Lite) taqdim etildi – «uch ko‘zli» selfifon!

  •   DiMaX
  •  1391
  •  14.03.2019 18:28

Huawei Nova 4e (yoki Huawei P30 Lite) taqdim etildi – «uch ko‘zli» selfifon!

Bugun – 2019 yilning 14 mart kuni Pekinda xitoylik texnogigant o‘zining yangi mahsulotlari namoyishini o‘tkazdi. Tadbirning bosh qahramoni esa Huawei Nova 4e smartfoni bo‘ldi. Ushbu qurilma Xitoydan tashqaridagi bozorlarga Huawei P30 Lite modeli sifatida chiqariladi.

O‘QING: Huawei P30 smartfonlarining ilk rasmiy videosini tomosha qilamiz!

Yangi smartfon korpusining har ikki tomoni shishadan ishlangan, o‘lchami 152,9x72,7x7,4 millimetrga teng, vazni esa 159 gramm keladi. Tomchisimon «kemtik»li ekrani diagonaliga 6,15 dyuymlik bo‘lib, tasvir aniqligi 2312x1080 piksellik. Mazkur displey TÜV Rheinland sertifikatiga ega, ya’ni, u xuddi Samsung Galaxy S10 ekrani kabi, ko‘k rangni kam miqdorda tarata oladi.

Huawei Nova 4e modelining «elektron yuragi» – Kirin 710, bu esa flagman protsessor emas. Smartfonning tezkor xotirasi 4-6 GB, doimiy xotirasi esa faqat 128 GBlik variantda. Unga 512 gigabaytgacha hajmli microSD formatli xotira kartasi qo‘ysa bo‘ladi. Operatsion tizim sifatida Android 9.0 Pie tanlangan – u EMUI 9 grafik qobig‘i ostida ishlaydi. Xitoylik texnogigant ushbu telefoniga o‘zining GPU Turbo 2.0 texnologiyasini ham tatbiq etgan.

Mazkur qurilmani selfifon deyish mumkin – old kamerasida naq 32 megapiksellik optik sensor qo‘llangan. Bosh kamerasi esa uch modulli: 24, 8 va 2 megapiksellik datchiklar. Ulardan birinchisi – asosiy sensor, ikkinchisi keng burchakli ob’yektiv bilan bog‘langan, uchinchisi esa tasvirga olish sahnalarining chuqurligini tahlil qilishga moslangan. Orqa qopqoqdan, shuningdek, barmoq izi skaneri ham o‘rin olgan.

O‘QING: Huawei P Smart 2019 qanday smartfon: tahlil va tavsif

Konfiguratsiyasiga kelsak, Huawei Nova 4e modelining 3340 mA/soatlik akkumulyatori 18 vattlik quvvat bilan zaryadlana oladi. Smartfon ikkita SIM-karta uyachasiga, LTE modemiga, GPS + GLONASS, Wi-Fi 802.11ac hamda Bluetooth 4.2 adapterlariga ega. Korpusda zamonaviy USB-C portiga va quloqchinlar uchun standart audiotirqishga ham joy ajratilgan.

Xitoyda ushbu smartfon uchun oldindan buyurtma olish bugunoq boshlangan, yetkazib berish esa 21 martga belgilangan. Narxiga kelsak, 4/128 gigabaytligi 297 dollar, 6/128 gigabaytligi esa 342 dollarga baholangan. Uni qora, oq va gradiyent ko‘k tusli korpuslarda taklif etishmoqda.

Mazkur smartfonning jahon bozori uchun Huawei P30 Lite sifatidagi taqdimoti 26 mart kuni Parijda bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Kompaniyaning allaqachon global savdoga chiqarilgan ayrim rusumlardagi telefonlarini esa 825 000 so‘mdan boshlanuvchi narxlar evaziga Terashop.uz internet-do‘konimizdan onlayn usulda sotib olish imkoni mavjud. Xususan, shu kunlarda mazkur internet-do‘kondan xarid qilsangiz, «Bahor kayfiyati» aksiyasi doirasida yutuqqa ham ega bo‘lishingiz mumkin!

O‘QING: Huawei smartfonlarining Terashop.uz’dagi narxlari (2019 yil 28 fevral) – aksiyasi ham bor!

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.