Huawei yangi – 4 kamerali, romsiz Nova 2S smartfonini «maxfiy» anjumanda namoyish etdi

  •   DiMaX
  •  1944
  •  01.12.2017 11:54

Huawei yangi – 4 kamerali, romsiz Nova 2S smartfonini «maxfiy» anjumanda namoyish etdi

Xitoyning Huawei korporatsiyasi bu yil Mate 10 Pro hamda Honor V10 smartfonlari bilan ko‘pchilikni hayratga solib ulgurdi, ularning ikkalasi ham 8 yadroli ilg‘or Kirin 970 protsessori bazasida ishlaydi. Kompaniya endi smartfonlariga yana bitta kuchli xususiyat qo‘shyapti – uning navbatdagi qurilmasi romsiz ekranga ega bo‘ladi.

O‘QING: Huawei "sun’iy ong"li Mate 10 flagmanlarini taqdim qildi

Xullas, kecha insayderlar Huawei tayyorlayotgan yangi smartfon – Nova 2S modelining «jonli» suratlarini tarqatishdi. U nafaqat displeyining yon tomonlari romsizligi, balki to‘rtta kamerasi bilan ham maqtansa arziydi. Ular evaziga smartfon asosiy kameradan olinadigan suratlarda ham, selfilarda ham orqa fonni xiralashtirish effekti bilan tasvirlar ola biladi.

Yangi qurilma suratlarini tarqatgan manbaning ta’kidlashicha, Huawei Nova 2S smartfonini allaqachon Xitoydagi allaqanday yopiq anjumanda namoyish etishgan. Ushbu «maxfiy» tadbirda uni maxsus stendda ko‘rsatishgan va texnik xususiyatlarini ham ma’lum qilishgan.

O‘QING: Huawei romsiz ekranli Honor V10’ni rasman taqdim etdi

Aytilishicha, Nova 2S romsiz ekranining o‘lchami – diagonaliga 6,01 dyuym. Displeyning tasvir aniqligi 2160x1080 pikselli bo‘lib, bu Full HD+ formatiga to‘g‘ri keladi. Devaysning tezkor xotirasi 6 gigabayt hajmga ega, ichki xotirasi hajmi esa hozircha ma’lum emas.

Huawei Nova 2S asosiy kamerasi qo‘sh modulli – 20 + 16 megapikselli sensorlardan iborat. Old kamera ham ikkita modulli bo‘lib, 20 megapikselli suratlar ola biladi.

Smartfon NFC, Wi-Fi 802.11ac hamda VoLTE modullariga ega. U Android operatsion tizimining so‘nggi – 8.0 Oreo talqini asosidagi EMUI 8.0 proshivkasida ishlaydi.

O‘qing: Huawei selfi-kamerasi 20 MP, bosh kamerasi qo‘sh modulli smartfon taqdim qildi

Yangi smartfonning «yuragi» sifatida o‘tgan yilgi flagman protsessor – Kirin 960 modeli tanlangan, ammo bu protsessor haliyam Qualcomm chipsetlari bazasidagi ko‘pgina mobil qurilmalardan ustun keladi.

Nova 2S modelining o‘ziga xosliklaridan yana biri – ekranning ostidagi «Uyga» tugmachasida joylashtirilgan barmoq izi skaneridir. Telefonning orqa qopqog‘i, suratlarga qaraganda, tegishli ranglarga bo‘yalgan shishadan ishlangan.

Romsiz Huawei Nova 2S smartfonining rasmiy taqdimoti shu oyning o‘zidayoq bo‘lib o‘tishi aytilmoqda. Bunda kompaniya uni avvaliga Xitoyning o‘zida namoyish etadi, oradan bir necha kun o‘tgach esa Yevropada alohida taqdimot marosimi o‘tkaziladi. Yangi smartfon narxi 400 AQSh dollari atrofida bo‘lishi taxmin qilinmoqda.

O‘QING: Xitoyda eng ommabop premium-smartfon aniqlandi, ammo bu iPhone X emas...

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.