Ichkaridan nigoh: iPhone 8’ni ochib ko‘rishdi (+video)

  •   DiMaX
  •  1819
  •  23.09.2017 16:04

Ichkaridan nigoh: iPhone 8’ni ochib ko‘rishdi (+video)

Mashhur iFixit resursi mutaxassislari Apple’ning yaqinda savdoga chiqarilgan iPhone 8 smartfonini ochib ko‘rishdi. Mazkur jarayonni aks ettiruvchi maqola va suratlarni saytga, videoni esa YouTube-kanaliga joyladilar.

«Ajdodi»ga judayam o‘xshash

iPhone 8 bitta oldingi avlod – iPhone 7 modeliga nafaqat tashqi ko‘rinishi, balki ichidagi qismlari jihatidan ham juda-juda o‘xshash ekan. iFixit xodimlari buni displeyni ajratib ko‘rishlari bilanoq payqashdi.

Avvaliga ular qurilmani rentgen orqali tekshirib, suratini olishdi. Ma’lum bo‘lishicha, old panel ostidagi butlovchi qismlarning joylashuvi iPhone 7’dagidan umuman o‘zgargan emas, faqat batareyasi sal kichraygan. Avvalgi ayfonda akkumulyator 7.45 Vt/soat (ya’ni, 1960 mA/soat) bo‘lsa, iPhone 8 batareyasi 6.96 Vt (ya’ni, 1821 mA/soat) ekan.

Keyin esa qurilmani qismlarga ajratib ko‘rishdi. Hammasidan ham shishadan ishlangan orqa panelni ochish qiyin bo‘ldi. U darz ketgani yo‘q, lekin smartfonning metall karkasi sal ezildi.

Marhamat, bu qiziqarli jarayonni videolavhada o‘zingiz tomosha qiling:

 

Uni ta’mirlasa bo‘ladimi?

iPhone 8’ni ta’mirlash masalasiga kelsak, har holda, displeyni va batareyani almashtirishda muammo tug‘ilmaydi. Bu juda muhim, zero, servis markazlariga murojaat qilayotganlarning aksariyati ayni shu qismlardagi muammolar bilan kelishadi.

Tekshiruv ishlari natijalariga ko‘ra, iFixit jamoasi iPhone 8’ning ta’mirga yaroqliligini o‘n ballik shkala asosida 6 ballga baholadi. Bu ko‘rsatkich metalldan yasalgan iPhone 7’dan bitta birlikka past, ammo baribir eng asosiy raqib – Samsung flagmanlaridan yuqori.

Esingizda bo‘lsa, Galaxy Note 8’ni ochib ko‘rgan iFixit mutaxassislari uning ta’mirga yaroqliligini 4 ballga munosib, deb topishgan edi. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha bu yilning ta’mirlash mushkul smartfonlarini mana bu maqolamizda o‘qishingiz mumkin.

Xabarlarni tez va oson o'qish uchun Android ilovamizni saqlab oling.