Ichkaridan nigoh: Samsung Galaxy Note 8’ni ochib ko‘rishdi (+video)

  •   DiMaX
  •  2298
  •  09.09.2017 11:06

Ichkaridan nigoh: Samsung Galaxy Note 8’ni ochib ko‘rishdi (+video)

Taniqli iFixit resursi mutaxassislari Samsung’ning yangi flagmani – Galaxy Note 8 fabletini ochib ko‘rishdi. Ular mazkur qurilmani qanday ochish jarayonini bosqichma-bosqich aks ettirgan maqolani hamda bu jarayonning videosini internetga joylashgan.

Mana, videolavhada o‘zingiz tomosha qiling:


Endi, zarurat tug‘ilganida bu modelni ta’mirlash uchun ochishda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi haqida ikki og‘iz:

Ma’lum bo‘lishicha, smartfonning ko‘p qismlari modulli xarakterga ega bo‘lib, bir-biridan mustaqil holda almashtirilishi mumkin ekan. Ijobiy jihatlari sifatida yana, smartfonda faqatgina Phillips’ning standart shuruplari qo‘llangani aytilgan. Batareyani ham almashtirish imkoni bor, lekin mustahkam ushlaydigan yelim va yopishtirilgan orqa panel bu jarayonda muammo tug‘diradi.

Samsung Galaxy Note 8’ni ochishdagi salbiy tomonlari sifatida esa quyidagilar ta’kidlangan. Ta’mirlash uchun shishadan ishlangan orqa panelni olishga to‘g‘ri keladi; yelim ko‘p surilgani sababli bu birmuncha qiyin kechadi. Displeyni almashtirish uchun ham shu orqa panelni va displeyning o‘zini olishga to‘g‘ri keladi. Bu ikkala qism ham o‘ta mo‘rt va ko‘p miqdordagi yelim bilan mustahkam yopishtirilgan.

Maqolada ta’kidlanishicha, ta’mirga yaroqlilik bo‘yicha ushbu planshetofon ham, xuddi avvalgi Galaxy Note 7 modeli kabi, 10 ballik shkalada 4 ballga loyiq ko‘rilgan. Mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha bu yilning ta’mirlash mushkul smartfonlarini mana bu maqolamizda o‘qishingiz mumkin.