Inha universiteti imtihon uchun hujjat qabul qila boshladi

  •   DiMaX
  •  11049
  •  13.03.2020 11:40

Inha universiteti imtihon uchun hujjat qabul qila boshladi

Toshkent shahridagi Inha universiteti rasmiy saytida «Kompyuter va dasturiy injiniring» hamda «Logistika» fakultetlariga hujjatlarni onlayn qabul qilish boshlandi. Birinchi kirish imtihoni 12 aprel kuni bo‘lib o‘tadi, deb yozadi AKT vazirligi.

O‘QING: Inha universitetida dasturlashni bepul o‘rgatuvchi ilk Co-Learning Center ochildi

Toshkent shahridagi Inha universitetiga 2020-2021 o‘quv yili uchun hujjatlarni qabul qilish muddati 2020 yil 9 martdan 27 martgacha davom etadi. IUTga hujjatlarni topshirish jarayoni, o‘tgan yil jarayoni kabi faqat onlayn tarzda amalga oshiriladi va universitetga kirish uchun siz bir necha shartlarni bajarishingiz kerak.

  1. 1. Universitet sayti orqali ariza to‘ldirish.
  2. 2. Onlayn ro‘yxatdan o‘tish jarayonida siz shaxsiy ma’lumot va kerakli hujjatlarni skanerlangan holatda taqdim etishingiz kerak:

— pasport;

— o‘rta maxsus maktab, litsey va kolej diplomi/shahodatnomasi;

— 086 shaklidagi tibbiy ma’lumotnoma;

— surat (3,5x4,5);

— IELTS yoki TOEFL iBT ingliz tili sertifikati.

  1. Agar abituriyentlar maktab, litsey va kollej diplomiga ega bo‘lmasalar, u holda ta’lim muassasasidan ma’lumotnoma taqdim etishlari kerak.

O‘QING: Inha universiteti talabasining ixtirosi – «O‘zbekiston ayollarining 100ta eng yaxshi innovatsion loyihasi» g‘olibi!

2020 yil 12 aprel kuni 1-kirish imtihoni faqat shartnoma asosida ta’lim olmoqchi bo‘lgan abituriyentlar uchun bo‘lib o‘tadi. «Kompyuter va dasturiy injiniring fakulteti» (SOCIE) va «Logistika» (SOL) fakultetlarida faqat bitta fan bo‘yicha — matematikadan imtihon bo‘ladi. Imtihon savollar to‘plamidan iborat bo‘lib, ularni yechishga 60 daqiqa vaqt beriladi. Xalqaro abituriyentlar Universitetga kirish imtihonisiz qabul qilinadi.

SOCIE fakultetiga IELTS bo‘yicha minimal 5 ball, TOEFL iBT bo‘yicha minimal 50, SOL fakultetiga IELTS bo‘yicha minimal 5.5, TOEFL iBT bo‘yicha minimal 71 ball ingliz tili rasmiy sertifikatini taqdim etish lozim. Rasmiy ingliz tili sertifikatisiz abituriyent kirish imtihonidan chetlashtiriladi.

2020-2021 o‘quv yilida Toshkent shahridagi Inha universiteti qabul kvotasi 420 talabadan iborat. Jumladan, «Kompyuter va dasturiy injiniring» yo‘nalishi bo‘yicha 300 talaba va «Logistika» yo‘nalishi bo‘yicha 120 talaba qabul qilinadi.

Birinchi kirish imtihoniga abituriyentlarni onlayn ro‘yxatdan o‘tkazish muddati – 2020 yil 27 mart soat 17:00 ga qadar. Toshkent shahridagi Inha universiteti qoidalariga asosan abituriyentlar kirish imtihonlarini topshirish uchun yana ikkita urinishni ta’minlaydi: shartnoma va grant asosida. Keyingi imtihonlar uchun ro‘yxatdan o‘tish sanasi universitet saytida e’lon qilinadi.

Universitetga kirish shartlari haqida to‘liq ma’lumotlarni ushbu sayt orqali olishingiz mumkin.

O‘QING: Bir million dasturchi qanday tayyorlanadi?